Yurtimizda “yashil” energiya manbalari texnologiyalarini joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, dunyoning “Masdar” va “ACWA Power” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalari ishtirokida quyosh panellari va shamol generatorlari stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalar tatbiq etilyapti.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Jahongir Jamolov va “Masdar” kompaniyasi vakili Bekzod Teshaboyev o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu haqda so‘z bordi.
Uchrashuv davomida respublikada shamol va quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, energiya saqlash tizimlari qurilishi uchun mahalliy elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan mahsulotlar yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy kompaniya loyihalarini amalga oshirishda mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etish joiz, davlatimiz rahbari tomonidan 2030 yilga qadar “yashil” elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 27 GVtga yetkazish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, “yashil” energetika loyihalari uchun 500 million dollarlik kabel-sim mahsulotlariga ehtiyoj borligi qayd etilmoqda.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mazkur vazifalardan kelib chiqib, “Masdar”, “ACWA Power” va boshqa yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga ahamiyat qaratmoqda. Bu sa’y-harakatlar mamlakatimizning ekologik toza energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA