Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramini har yilgidek ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi”da turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hamda badiiy tadbirlar, uchrashuv va musobaqalar, yurt himoyasiga mas’ul bo‘lgan insonlarning sharafli va mashaqqatli xizmati e’tirof etilmoqda.

“Faxriylar va yoshlar” deb nomlangan tadbirda mamlakatimiz Mudofaa vazirligi tizimida ko‘p yillik mehnat va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan insonlar ayni vaqtda armiya saflarida xizmat qilayotgan ofitser, serjant va askarlarga bugungi tinchligimiz, osoyishtaligimiz biz uchun eng oliy ne’mat ekanligi, ularni asrab-avaylash hamda kelajak avlodga yetkazish har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini uqtirishdi. Bugungi Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xalqimizni har qanday xavf-xatardan himoya qilishga qodir ekanligi yorqin misollar bilan e’tirof etildi.

Ayniqsa, ilgari mazkur harbiy qismda xizmat qilib ketgan faxriy-ustozlarning fikrlari ta’sirli bo‘ldi. Zero, so‘nggi yillarda mazkur harbiy qismda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari faxriylarda katta taassurotlar uyg‘otdi.

Suhbat davomida harbiy xizmatchilar ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan hamda bugun ham armiya hayoti bilan hamnafas yashab kelayotgan ustozlar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Tadbir ishtirokchilari yurt himoyachilarining ma’naviy kamoloti uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri