2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida mamlakatimizda turar joy binolari qurilishiga yangi talablarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.

Sentyabr oyiga qadar ko‘p xonadonli turar joy binolarini loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish jarayonida avtomobillar uchun yerosti to‘xtash joylarini tashkil etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda. Davlat dasturi to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasida yerusti avtoturargohlar ham qayd etilgan.

Boshqa takliflar orasida chiqindi, yomg‘ir va texnik suvdan foydalangan holda sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, sanitariya-texnik vositalar iste’mol qiladigan suv hajmini 3-6 litrgacha cheklash, suv sarfini kamaytirish uchun aerator aralashtirgichlardan foydalanish kabilar ham bor.

Bundan tashqari, binolar devorlarini bazalt asosidagi materiallar bilan izolyatsiyalash va uylarni is gazi signalizatori bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

2023 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi qarorda turar joy binolari, ijtimoiy va savdo ob’ektlarini loyihalash va qurishda avtoturargohlar, jumladan, ko‘p qavatli va yerosti to‘xtash joylarini tashkil etish majburiy bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Biroq Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmadi.

Sh. Mamaturopova,

O‘zA