Mardlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz kurashni ommalashtirish, rivojlantirish, dunyoga keng tanitish orqali umumjahon durdonasiga aylantirish O‘zbekiston sportining ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Kurashni sport turi sifatida xalqaro maydonda yanada ommalashtirish, uning nufuzini yanada oshirishda har jihatdan salohiyatli mutaxassislar, murabbiylar va hakamlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligi kundek ravshan.

Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan yilning dekabr oyida imzolangan «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida keltirib o‘tilganidek, kurashning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va xorijiy mamlakatlarda yanada keng targ‘ib qilishda Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatini yanada kengaytirish muhim omil sanaladi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda mazkur institut faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, qamrovini kengaytirish, uning xalqaro maydondagi mavqeini yanada yorqin ifoda etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, har qanday tashkilotning yuzi bu uni keng jamoatchilikka tanitadigan, boshqa turdosh dargohlardan ajratib turadigan ramzi hisoblanadi. Bugungi kunda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki Osiyo olimpiya kengashi, Butunjahon antidoping agentligi kabi o‘nlab tashkilotlarning o‘z ramzi borki, ko‘pchilik o‘sha logosi orqali ularni taniydi, e’tirof etadi. Ayni jihatlardan kelib chiqib, yuqoridagi hujjatda keltirilgan vazifalarni to‘laqonli ifoda etish maqsadida Xalqaro kurash instituti 2025 yildan e’tiboran yangi ramzda ish boshlaganini e’lon qildi.

– Ramz tashkilotning yuzi hisoblanadi. Bugungacha Xalqaro kurash instituti o‘z tarixi davomida uch marta korporativ identifikatorini o‘zgartirdi. Bugungi o‘zgarishga keladigan bo‘lsak, kurashning dunyoda ilmiy rivojida, mahoratli kurash mutaxassislarni tayyorlashda innovatsion yuksalishga tayanish asnosida qadriyatlarga sodiqlik muhim omil sanaladi. Ayni jihatlar institutning yangi ramzida o‘z aksini topdi, – deydi institut rektori X.Tojiyev.

Xalqaro kurash institutning ushbu logotipi 2024 yil 4 dekabr kuni Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida o‘tgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasining kongressida ijroiya qo‘mita a’zolari tomonidan ma’qullangandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA