Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni komissiya raisi Z.Nizomxo‘jayev olib bordi.
Komissiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shaklini va matnini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.
Saylov kodeksining 31-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.
Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi. Saylov byulletenlari davlat tilida nashr etiladi. Shuningdek, okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda ham nashr etilishi mumkin. Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.
Saylov kodeksining 32-moddasiga asosan, uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni har bir saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, shu kunga qadar 6 nafar xorijiy mamlakatlardan va Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosidan 40 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (7), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi (25), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (1), shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi (2), Belarus Respublikasi (2), Qozog‘iston Respublikasi (3), Latviya (1), Misr (5), Rossiya Federatsiyasi (5), Singapur (3), Turkiya (5), Ukraina (1), Chexiya Respublikasi (1), Yaponiya (2) va Quvayt (3) davlatlaridan 66 nafar xorijiy kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.
Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, o‘tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga yana 53 ta OAV tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan maqullandi va 53 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 167 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 1 ming 129 (shundan 48 nafari xorijiy) nafarni tashkil etmoqda.
Majlis davomida Andijon, Navoiy va Surxondaryo saylov okruglari raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA