Xalqaro aloqalar rivoji har qanday sohaning eng ilg‘or yutuqlaridan xabardor bo‘lish va uni amalga tatbiq etishga yordam beradi.
O‘zbekiston notarial palatasi ham aynan shu maqsadda xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda. Palata Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lish taraddudida.
davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunga zamin yaratdi.
Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da xalqaro institutlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, xususan, Xalqaro notariuslar ittifoqiga qo‘shilish orqali ilg‘or tajribalarini implementatsiya qilish belgilangan.
Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lishdan maqsad – milliy notariat tizimini isloh qilish doirasida uni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda lotin notariat modelidagi davlatlarning ilg‘or tajribalarini qo‘llash choralarini ko‘rishdir.
Xalqaro notariuslar ittifoqining xalqaro notarial hamkorlik bo‘yicha komissiyasi prezidenti Richard Bok boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga uch kunlik tashrifi shu maqsadda tashkil etildi.
Tashrifning birinchi kunida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston notarial palatasida bo‘lib, palata rahbariyati va boshqaruv kengashi a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Notarial palata raisi Dilshod Ashurov qisqa davr ichida O‘zbekistonda notariat sohasi tubdan yangilanganligi haqida mehmonlarga so‘zlab berdi.
1,5 yil ichida qariyb yuz foiz notarius davlat notariusi maqomidan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius maqomiga o‘tkazildi. Notariat sohasini raqamlashtirish tobora takomillashib bormoqda. O‘tkazilayotgan islohotlar tufayli notariuslarning aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati keskin oshdi. Muloqot davomida sohada yaratilgan qulayliklar haqidagi ma’lumotlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Mehmonlar, o‘z navbatida, Xalqaro notariuslar ittifoqining faoliyati haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston notarial palatasi ilk qadamlaridanoq muvaffaqiyatli ishlarni amalga oshirayotgani, tizimdagi islohotlar rivojlangan davlatlar notarial palatalari bilan deyarli bir xil ekani e’tirof etildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Adliya vazirligi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
N.Abduraimova, O‘zA