O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi yirik sanoat quvvatlarini ishga tushirish, shuningdek, mavjud korxonalar faoliyati bilan tanishib, aholi bilan muloqot qilish maqsadida 27 avgust kuni Navoiy viloyatida bo‘ldi.
Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida Navoiy viloyati Karmana tumanida mamlakatimizdagi ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
bugungi kungacha gaz, neft kabi uglevodorodlar energiyasidan foydalanish keng tarqalgan. Lekin ularning zaxiralari cheklangan. Shu bois mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlantirilmoqda.
Ma’lumki, yurtimizda bir yilda o‘rtacha 320 quyoshli kun kuzatiladi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati bor. Bu – mamlakatimizning energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p energiya ishlab chiqarish mumkin, degani.
Shu bois xorijiy investorlar jalb etilib, ko‘plab quyosh elektr stansiyalari qurilmoqda. Karmana tumanidagi stansiya ulardan birinchisidir.
Mazkur majmua qurilishi o‘tgan yili boshlangan edi. 110 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatildi. Uning quvvati 100 megavatt.
– Ushbu stansiya yangi O‘zbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam, ta’bir joiz bo‘lsa, “birinchi qaldirg‘och” bo‘lib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab bermoqda. Bu yerda yiliga 252 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Nur Navoiy solar» nomli ushbu loyiha Birlashgan Arab Amirligining «Masdar» kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Prezidentimiz mazkur davlat bilan o‘zaro hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Birgina energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 700 megavattli 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatining o‘zida 2023 yilda “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 megavattli shamol stansiyasi va “Fanes grupp” ishtirokida 200 megavattli quyosh stansiyasi barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari fotoelektr stansiyasi qurilishida ishtirok etgan xorijiy investorlar, barcha quruvchi va mutaxassislarga minnatdorlik bildirdi.
Bu stansiyaning ahamiyati shundaki, aholi va sanoatning o‘sib borayotgan ehtiyojini barqaror energiya bilan ta’minlaydi. Narxi ham arzon – 1 kilovatt-soat uchun 2,67 AQSH senti.
Yana bir muhim jihati, bunday loyihalar tufayli yurtimizda yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari, zamonaviy texnologiyalar paydo bo‘lmoqda.
Xususan, mazkur stansiya qurilishi uchun “O‘zelektroapparat” korxonasidan elektrotexnika jihozlari, “O‘zbekkabel”, “Eych-Pi-Si sistems” korxonalaridan kabellar, Bektemir metall konstruksiyalari zavodidan tayanch ustunlar keltirilgan.
Umuman, bunday yirik loyihalar mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yiliga kamida 1 milliard dollarlik yangi bozor, elektrotexnika klasteri tashkil etish uchun puxta zamin yaratadi.
Ushbu klasterda quyosh panellari, kabel mahsulotlari, transformatorlar, akkumulyatorlar, elektr dvigatellar, shamol elektr stansiyasi uchun generator va tayanch uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish mumkin. Bu minglab yangi ish joylari deganidir.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib, uning tarkibida sanoat ulushi ortib bormoqda. Aholi turmush darajasi o‘sib, elektr texnikalaridan foydalanish ko‘paymoqda. Xususan, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste’mol hajmi esa 30 foizga ko‘paygan.
Prezidentimiz iqtisodiyot, jumladan, energetikani rivojlantirishga qaratilgan rejalarni ham aytib o‘tdi.
– Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotimiz o‘sishini 1,5 barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 100 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Bu borada o‘rta va yirik shakldagi minglab yangi sanoat korxonalari ishga tushirilib, elektr energiyasiga ehtiyoj 100 milliard kilovatt-soatga yetadi. Bu raqam hozirgidan 30 milliard kilovatt-soatga ko‘p degani.
Shuning uchun elektr energiyasi sohasida yangi islohot va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha juda katta rejalarni belgilab olganmiz. Jumladan, kelgusi 5 yilda qiymati 6,5 milliard dollar bo‘lgan 19 ta loyiha hisobidan qo‘shimcha ravishda 11 ming 500 megavatt yangi quvvatlar ishga tushiriladi. 2030 yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizdan ortadi. Elektr energiyasini hududlarga yetkazish uchun 500 va 220 kilovoltli 3 ming kilometr yangi elektr tarmoqlari barpo etiladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bilan birga, bugungi kunda past kuchlanishli tarmoqlarning 66 foizi, podstansiyalarning 74 foizi va transformator punktlarining 50 foizdan ko‘prog‘i eskirgan. Shu bois kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator va 100 dan ortiq podstansiyalar yangilanishi qayd etildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari yagona energetika zanjirini tashkil etish va bu sohadagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda. Shu maqsadda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi, mintaqa energiya tizimini o‘zaro bog‘laydigan qo‘shimcha magistral tarmoqlar qurilishi ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy dastakni harakatga keltirib, quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirdi.
Tadbirda ishtirok etgan muhandis va quruvchilar, navoiylik nuroniylar va yoshlar, shuningdek, xorijiy investorlar so‘zga chiqib, yangi stansiyaning ahamiyati haqida gapirdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu yerda bir yo‘la ikkita zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalarining ochilish marosimi bo‘ldi
Kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida asosiy drayverlardan biriga aylanmoqda. Ilgari bu tarmoq asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarib, bunday mahsulotlarning ulushi sohada qariyb 80 foizni tashkil etar edi. bugungi kunda zamonaviy polimerlar ishlab chiqarilayotgani hisobidan mineral o‘g‘itlar ulushi 10 foizga qisqardi, boshqa sohalar uchun tayyorlanayotgan mahsulotlar hajmi esa 6 marta oshdi.
Keyingi besh yilda “O‘zkimyosanoat” tizimida tovar mahsulotlari hajmi 4 marta oshdi, kimyoviy mahsulotlar eksporti 250 million dollarga yetmoqda.
Bunda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining o‘rni juda katta. Bu yerda mamlakatimiz kimyo sanoati mahsulotlarining qariyb yarmi ishlab chiqariladi, 9 mingga yaqin muhandis, texnolog va mohir ishchilar mehnat qiladi.
Yangi ishga tushirilgan azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalari soha rivojiga qo‘shimcha sur’at beradi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu ko‘rsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi.
O‘zbekistonga birinchi marta olib kelingan, eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy majmualar 60 yil avvalgi eski quvvatlar o‘rnini to‘liq egallaydi.
Xususan, birinchi korxonada yiliga 660 ming tonna ammiak va 578 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Bunda bir tonna ammiak ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 2,5 marta kamayadi.
Ikkinchi korxonada esa yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarilib, elektr energiyasi sarfi 18 marta qisqaradi.
Faqatgina ana shu ikkita loyiha evaziga ishlab chiqarilayotgan azotli o‘g‘it tannarxi 30 foizga pasayadi.
– Bu raqamlar ortida korxonaning minglab mehnatsevar, fidoyi ishchilari, yuqori malakali mutaxassislarning mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli mehnati mujassam, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Va ularga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalarini ishga tushirdi.
2019 yil 28 dekabr kuni Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi.
Bugun polivinilxlorid korxonasining ikkinchi bosqichi qurilishi boshlandi. 400 million dollar qiymatga ega bo‘lgan ushbu loyiha polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnadan 220 ming tonnaga, kaustik sodani esa 75 ming tonnadan 165 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Shu tariqa elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari sanoati, maishiy kimyo va boshqa sohalarda yiliga talab yuqori bo‘lgan 210 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Uni 2023 yilda ishga tushirish mo‘ljallangan.
Muhim tomoni – bu korxona orqali “Navoiyazot” va “Elektr kimyo zavodi” negizida yirik, o‘zaro integratsiya qilingan kimyo klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu klaster salohiyati, istiqbolini alohida ta’kidlab o‘tdi.
– Bu klasterda yaqin yillarda umumiy qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 23 ta loyiha amalga oshiriladi. Klaster doirasida 33 turdagi yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xususan, yil yakuniga qadar klaster doirasida kimyo, charm, mebelsozlik va qurilish materiallari sanoati uchun mahsulot ishlab chiqaradigan 2 ta loyiha ishga tushiriladi. Eng muhimi, shu asosda “Navoiyazot”da qo‘shimcha 3 mingtadan ziyod yangi ish o‘rinlari ochiladi, – dedi Prezident.
Mamlakatimizdagi iqtisodiy loyihalar o‘zaro oqilona bog‘langan va bir-birini to‘ldiradi. Masalan, 2030 yilgacha 8 ming megavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yiliga 5 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkonini beradi. Bu gaz esa qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlanadi.
– Biz ilgari asosan paxta bilan gaz sotardik. Hozir chetga sotmayapmiz, o‘zimizda qayta ishlayapmiz. Kerak bo‘lsa, gaz sotib olayapmiz. Nimaga? Korxonalar ko‘payayapti, mahsulot ko‘payayapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda kelgusi yillarda 6 ta kimyoviy texnologik klaster tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardan birinchisi mazkur «Navoiyazot»dagisi.
Ikkinchi klaster Buxoro viloyatida joylashtiriladi va u yerda tabiiy gazdan polietilentereftalat (PET), polivinilatsetat (PVA), polipropilen hamda boshqa polimerlar ishlab chiqariladi. Ular asosida tayyor mahsulot va buyumlar chiqaradigan o‘nlab zamonaviy korxonalar tashkil topadi.
Uchinchi klaster Qashqadaryo viloyatida Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi va Dehqonobod kaliy zavodi negizida bo‘ladi. Unda yuvish va maishiy kimyo vositalarining asosiy komponentlari, bimodal polietilen va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
“Farg‘onaazot” negizida bo‘ladigan to‘rtinchi klasterda lok-bo‘yoqlar, mebel uchun melamin, to‘qimachilik sanoati uchun sun’iy tolalar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Beshinchi klaster Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Ustyurt hududida joylashtiriladi. Unda kalsiylangan soda, polivinilxlorid, polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.
Oltinchi klaster Toshkent viloyatida tashkil etiladi. Unda monoammoniyfosfat, oltingugurtli karbamid, boshqa fosforli va azotli mineral o‘g‘itlar, protein, yuvish vositalari tayyorlanadi.
Bu loyihalar natijasida 2026 yilga borib kimyoviy tovar mahsulotlari hajmi joriy yilga nisbatan 3 marta ortadi va 2030 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 7 foizini tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari bu sohadagi ulkan loyihalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda Toshkentdagi Ulug‘bek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va ta’lim klasteri tashkil etiladi. Bu klaster 4 ta oliy ta’lim muassasasi va kimyo bo‘yicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazini qamrab oladi.
Davlatimiz rahbari polivinilxlorid ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida olis Tomdi tumaniga ham bordi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishib, odamlar bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta zavod bo‘lgan bo‘lsa, undan keyingi yillarda 4 ta gidrometallurgiya zavodi qurildi. Natijada rudani qayta ishlash hajmi 3 martaga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshdi. Bu jarayonda, o‘z o‘zidan, tog‘ massasini qazib chiqarish ham ko‘payadi va katta hajmda chiqindilar hosil bo‘ladi.
Yangi korxona ushbu texnogen chiqindilardan oltin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Shu bois u 7-gidrometallurgiya zavodi deb ham ataladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 3,4 milliard dollarlik 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur zavod ushbu loyihalardan biridir.
Umumiy qiymati qariyb 200 million dollar bo‘lgan ushbu korxona yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlab, 7 tonnadan ortiq oltin ishlab chiqarish quvvatiga ega. E’tiborlisi, bunda foydalaniladigan chiqindilar 2040 yilgacha yetadi.
Zavod qurilishida yengil konstruksiyalar va energiyatejamkor texnologiyalardan foydalanilgan. Ilgari chetdan olib kelinadigan ko‘plab asbob-uskuna va butlovchi materiallar mahalliylashtirilgan. Xususan, ular Navoiy mashinasozlik zavodi va kon boshqarmalaridagi sexlarda tayyorlanmoqda. Kimyoviy ishlov berish jarayonida ham mahalliy mahsulotlardan foydalanilmoqda.
Bular tannarxni yanada arzonlashtirishda muhim omil bo‘layotir.
Korxonada 1 ming 100 nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi. Bu yerga Navoiy davlat konchilik institutini tugatgan yosh mutaxassislar va mahalliy aholi qabul qilindi.
Prezidentimiz korxona jamoasi, tomdilik faollar, yoshlar bilan suhbatlashdi.
– So‘nggi 4 yilda mamlakatimizda yer osti boyliklarini o‘zlashtirish ishlari 30 foizga oshdi. Sanoatimizga yangi, ilg‘or texnologiyalar kirib keldi. Eng muhimi, bu zamonaviy korxonalarda ishlay oladigan bilimli mutaxassislar yetishib chiqayapti. Davlatimiz uchun yer osti boyliklaridan ham qadrli boylik bu – sizlarsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev yoshlarga qarata.
Shu yerda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqotda bo‘lib, bugun ishga tushirilgan korxonalarning iqtisodiy samaradorligi, sanoat sohasidagi rejalar haqida so‘zlab berdi.
Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Matnazar ELMURODOV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
Avazbek XUDOYQULOV,
Abduvali BO‘RIEV,
O‘zA muxbirlari