Alimov2.jpgDavlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetining tashkil etilishi zarurligini qayd etgani soha mutaxassislari oldiga o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘tmishga nazar solsak, o‘zbek milliy jurnalistikasi o‘zining qariyb 150 yilga yaqin tarixi mobaynida ham rivojlanish, ham o‘ta og‘ir, turg‘unlik davrlarini boshdan kechirdi. Uni dastlab chor Rossiyasiga xizmat qildirishdi. Keyingi davrda milliy va ma’rifiy ruhiyat kasb etdi. Sho‘rolar hukumat tepasiga kelgach vaziyat yana salbiy tomonga o‘zgardi.

Mustaqillik yillarida jurnalistikamiz ilg‘or xalqaro tajribalar hamda zamonaviy tendensiyalarni o‘zida sinab ko‘rmoqda. Natijada, bugungi kunga kelib o‘ziga xos, betakror milliy qiyofaga ega bo‘lmoqda.

Shu ma’noda aytish o‘rinliki, mamlakatimizda jurnalistika ta’limi tarixi ham bir tekisda kechmagan. Uning rivojlanish va evrilish davrlari bo‘lgan.

Yechimini kutayotgan masalalar

Tan olishimiz kerak, mamlakatimizda zamon talablariga mos jurnalist kadrlarni tayyorlashda yillar davomida o‘z yechimini kutib yotgan masalalar talaygina.

Bugungi kunda jurnalistika ta’limi sohasida muammolar shu qadar yig‘ilib qolganki, ularni bitta maqola doirasida sanab o‘tish yoki hal etish bo‘yicha takliflar berish mutlaqo mumkin emas. Shu sababdan mavjud muammolarning ayrimlarigagina e’tiboringizni qaratamiz xolos.

1. O‘zbekistonning tashqarida turib ichkariga, ya’ni mamlakatimiz aholisi uchun yozadigan xorijiy muxbirlik punktlari shakllanmagan. Mamlakatimiz yetakchi ommaviy axborot vositalari, «Jahon» axborot agentligidan tashqari, shu kungacha o‘z muxbirlarini chet elga doimiy ishlash uchun yubormagan. Vaholanki, ingliz, rus, xitoy, ispan, fransuz, polyak, yapon va boshqa chet tillarni yaxshi o‘zlashtirgan milliy kadrlar tayyorlashga erishildi.

2. Ichkarida turib tashqariga – turli tillarda, misol uchun ingliz tilida axborot uzatuvchi muxbirlarni tayyorlash ishi takomillashtirilmagan. Talabalarni o‘qish jarayonida chet el OAVga muntazam ravishda amaliyotga yuborish uchun zarur ishlar qilingani yo‘q.

3. Jurnalistikani fan darajasiga olib chiqishga qaratilgan ilmiy maktab faoliyati, sohada olib borilayotgan yangi ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanilmayapti. Xususan, yosh olimlarning maqolalarini yetakchi xalqaro nashrlarda chop etishni tizimlashtirish, ularning xalqaro anjumanlardagi ishtirokini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlarni bevosita moliyalashtirish (research funding) ishlari yo‘lga qo‘yilmagan.

4. Yuqori darajadagi intellektual salohiyatga ega bo‘lgan ijodiy kadrlarni tayyorlashga bevosita xizmat qiladigan o‘quv laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablariga mutlaqo javob bermaydi.

5. Xorijiy turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan jurnalistik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, talaba va o‘qituvchilar almashinuvlari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurati tug‘ilmoqda.

6. Jurnalistika fakultetlariga kirish imtihonlari va umuman keyingi o‘quv jarayonidagi barcha baholash mezonlari talabaning egallayotgan intellektual bilimi bilan birga uning ijodiy mahoratiga bevosita bog‘liq bo‘lishi kerak.

Beruniy Alimov, tadqiqotchi.
 

Tadqiqotchi fikr-mulohazalarining davomi sizni qiziqtiradimi? Agar buni bilishni istasangiz saytimizda bugun beriladigan “Axborot – yangi neft. U hozirgi kunda eng zarur va eng qimmat tovarga aylanmoqda” sarlavhali materialni o‘qishni tavsiya qilamiz.

 

O‘zA