Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 30-iyun kuni O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman dasturi rang-barang tadbirlarga boy bo‘ldi. Qurultoy delegatlari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Taqdir sinovlari” spektaklini tomosha qildi. “Shahidlar xotirasi” xiyoboni va “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasini borib ko‘rdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji, Yakkasaroy tumanidagi 144-umumta’lim maktabida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yoshlar ijod saroyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida akademiklar va yosh olimlar bilan uchrashdi.
Qurultoy delegatlari Mustaqillik maydonida hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining qurultoyi ochiq, deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Delegatlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini ma’qulladi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi etib Qahramon Quronboyev saylandi.