XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuv davom etmoqda.

Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha sezilarli natijaga erishilmagani, bu hol mutasaddi rahbarlarni jiddiy o‘ylantirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

– Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb o‘ylasa adashadi. Bilib qo‘yinglar, bu – mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv. Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini namoyon etishda 2024 yilda bo‘ladigan Parij Olimpiadasi yanada muhim ahamiyatga ega. Bo‘lg‘usi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish asosiy maqsadimiz bo‘lishi zarur, – dedi Prezidentimiz.

Kelgusi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlikni bugundan boshlash lozimligi ta’kidlandi.

– Oldimizga aniq maqsad qo‘yib, astoydil harakat qilsak, albatta, natijaga erishamiz. Misol uchun, Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qo‘lga kiritish va medallar bo‘yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor. Shu bilan birga, barcha shahar va tumanlarda tegishli sport turlarini rivojlantirish va zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish bugungi kun talabidir, – dedi davlatimiz rahbari.

 

O‘zA