Bu galgi Olimpiada biz uchun sport olamida bir qator yangi iste’dod sohiblarini, yangi O‘zbekistonning yangi qahramonlarini kashf qilib berganini ta’kidlash lozim.

Xususan, 18 yoshli sportchi qizimiz, qoraqalpoq elining farzandi Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada qatnashchisi degan sharafga sazovor bo‘ldi.

Eng muhimi, u musobaqalarning ikkinchi davrasida Osiyo o‘yinlarining finalchisi, dunyo reytingida 3-o‘rinda borayotgan xitoylik tajribali sportchini mag‘lub etdi.

– Men ishonaman, Zaynab qizimiz kelgusi Olimpiya o‘yinlarida yanada faol ishtirok etib, O‘zbekistonimizga albatta oltin medal olib keladi, – dedi Prezident.

O‘n to‘qqiz yoshli Kumushxon Fayzullayeva esa 76 kilogrammgacha vazn toifasidagi qizlar o‘rtasida og‘ir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi sifatida e’tirof etildi.

Ta’kidlash lozimki, dunyo miqyosida kamdan-kam sportchi bu yoshda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ladi.

Hech shubhasiz, bularning barchasi yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik natijasidir.

– O‘zbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz. Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarata aytmoqchiman: agar qattiq g‘ayrat qilmasangiz, qizlarimiz hademay sizlardan o‘tib ketadi,– dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda zamonaviy ta’lim-tarbiya maskanlari bilan birga, yangi-yangi sport maktablari va majmualari, stadionlar, suzish havzalari barpo etilayotgani farzandlarimizning qalbida sportga mehr uyg‘otmoqda.

– Aminmanki, ushbu Olimpiada natijalari mamlakatimizda sportning barcha turlarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi. Eng asosiysi, bunday g‘alabalar o‘sib kelayotgan yoshlarni barcha sohalar qatori sport bo‘yicha ham marrani baland olib, doimo g‘alaba sari intilib yashashga o‘rgatadi, sog‘lom turmush tarzini hayotimiz qoidasiga aylantirishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

 

O‘zA