Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchi va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Tantanali marosimda Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari barchani O‘zbekiston milliy terma jamoasining Tokioda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ulkan g‘alabasi bilan tabrikladi.

–Albatta, barchamiz O‘zbekiston vakillarining nufuzli musobaqalardagi har bir chiqishini “oynai jahon” orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik. O‘z navbatida, mard va jasur sportchilarimiz yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g‘alabalarni tortiq etdi. Hech shubhasiz, bu Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi, – dedi Prezidentimiz.

XXXII yozgi Olimpiadada sportchilarimiz 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

–Hammamizga ayonki, Olimpiya o‘yinlarida yer yuzining eng zo‘r, manaman degan sport ustalari ishtirok etadi. Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, sherga qarshi sherdek kurashish, jang qilish kerak. Sizlar dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning o‘zini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida yorqin sahifa ochdingiz, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida o‘ttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi. Bu chindan ham o‘zbek sporti tarixidagi ulkan natijadir.

– G‘olib farzandlarimiz sha’niga madhiyamiz yangrab, Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan damlarda, barchamizning qalblarimiz cheksiz g‘ururga to‘ldi. bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan qahramon o‘g‘lonlarimiz – Tokio Olimpiadasi g‘oliblari haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA