9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan uchrashuviga tayyorgarlikning borishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
bugungi kunga qadar tadbirkorlardan 13 ming 500 dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushgan. Bu borada tuzilgan respublika shtabi a’zolari ularni birma-bir o‘rganib, har kuni muhokama qilib bormoqda. Tadbirkorlar ko‘targan 12 mingdan ziyod shaxsiy masalalarning yarmidan ko‘pi hozirgi kungacha hal etilgan.
Joriy yilning yetti oyida ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga o‘sib, 92 trillion so‘mni tashkil qilgani ta’kidlandi. Shunga qaramay, tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari va muddati qisqaligi tadbirkorlar uchun eng dolzarb masala ekani ayon bo‘lmoqda. Murojaatlarning 42 foizi shu sohaga oid.
Prezidentimiz iqtisodiyotga uzoq muddatli resurslarni olib kelish, dollarlashuv darajasini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ikkinchi dolzarb masala yer va bino ajratish bilan bog‘liq. Bunday murojaatlar 21 foizni tashkil etgan. Tadbirkorlarga bu borada imkoniyatlarni kengaytirish uchun hududlarga ishchi guruhlar yuborib, joriy yil 1 sentyabrdan auksion savdolariga chiqariladigan yer maydonlari va binolar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Xususiy mulkni huquqiy himoya qilish, litsenziya va ruxsatnomalar olish bo‘yicha mingga yaqin murojaatlar kelib tushgani bu yo‘nalishda tizimli muammolar saqlanib qolganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, murojaatlardan infratuzilmaga ulanish borasida ham ko‘plab muammolar borligi ma’lum bo‘lmoqda.
Soliq va bojxona sohalari, imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga oid masalalar ham tahlil qilindi.
Davlatimiz rahbari har bir murojaatni alohida nazoratga olib, ularga to‘liq yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.