Prezident rahbarligida yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Qayd etilganidek, o‘tgan 6 oyda yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga o‘sgan. Bunga asosan sanoat – 8,5 foiz, investitsiyalar – 5,9 foiz va xizmatlar hajmi – 8 foizga oshgani hisobiga erishildi. Inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etdi.
Ushbu davrda jami 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Shundan Navoiy kon-metallurgiya – 26 trillion so‘m, to‘qimachilik – 15 trillion so‘m, Olmaliq kombinati – 14,5 trillion so‘m, elektr energiyasi korxonalarida 11 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ularning ulushi jami sanoatda 37 foizni tashkil qildi.
Sanoatda yuqori o‘sish sur’atlari Qashqadaryoda – 26 foiz, Sirdaryoda – 23, Jizzaxda – 15, Toshkent shahrida – 14 va Namanganda – 12 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davlat resurslari ham hal qiluvchi omil bo‘lmoqda.
Sanoat tarmoqlariga bir yarim yil davomida 50 trillion so‘mdan ziyod bojxona imtiyozlari va tarif preferensiyalari berilgan.
Birgina avtomobil sanoatiga 9,5 trillion so‘mlik, neft-gaz tarmog‘iga 2,8 trillion so‘mlik bojxona imtiyozlari taqdim etilgan.
Yaratib berilayotgan moliyaviy va iqtisodiy sharoitlardan hamma hududlar ham bir xilda foydalanmayapti.
Jumladan, hududiy sanoat hajmi Sirdaryoda – 41 foiz, Xorazmda – 33 foiz, Namangan va Surxondaryoda – 24 foiz yuqori darajada o‘sgan.
Biroq, Toshkent shahrida, Toshkent viloyati, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Qoraqalpog‘iston va Sirdaryoda hududiy sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmlari pasaygan.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda prognozga nisbatan 2,5 barobar ko‘p yoki 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan.
Hisobot davrida mamlakatda jami 53 ming yangi kichik tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshgan.
Biroq, yangi tashkil etilgan korxonalar soni Surxondaryoda, Andijonda, Sirdaryoda , Xorazmda kamaygan.