Mamlakatimizda Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari tugatilib, o‘rniga Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etiladi.
Bu haqda bugungi videoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidlandi.
Mazkur komissiyaga Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova rais etib belgilandi. Viloyat hokimlari hududiy komissiyalarga rahbarlik qiladi.
Milliy komissiya hisobotini – Senatda, hududiy komissiyalar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har chorakda eshitib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident bu borada yangi Komissiya rahbariga vazifalarni belgilab berdi.
– Ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol a’zolari sifatida tarbiyalash barchamizdan jiddiy e’tibor
va amaliy harakatlarni talab qiladi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari, soha rahbarlari bir narsani aniq tushunishi lozim. Birorta bola “men yetim yoki nogironman” deb o‘ksinmasligi, hech bir bola davlat va jamiyatimizning e’tibori va mehridan chetda qolmasligi kerak. Buning uchun ularni eng zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, bilim olishiga barcha sharoitlarni yaratib berish barchamiz uchun nafaqat vazifa, balki muqaddas burchdir.
Masalaga xuddi shu jihatdan yondashsak, ishimizda albatta natija bo‘ladi. Faqat vazifa yoki majburiyat nuqtai nazaridan qarasak, hech narsaga erisha olmaymiz. Ana shu farzandlarimizga qilgan har bir yaxshiligimiz o‘n yaxshilik bo‘lib albatta qaytadi. Shuni hech birimiz yoddan chiqarmasligimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hududlar rahbarlari, Mehribonlik uylari tarbiyachilari va tarbiyalanuvchilari ishtirokida yig‘ilishda ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zA