Prezident Shavkt Mirziyoyev bugungi videoselektor yig‘ilishida Mehribonlik uylaridagi shiroitlarni yaxshilash yuzasidan qator vazifalarni belgilab berdi.

Endi mamlakatimizdagi zamonaviy ta’lim maskanlari singari har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasi kamida 20 tadan eng zamonaviy kompyuter  va tezkor internet bilan ta’minlanadi.

Buning uchun ushbu muassasalar Inha universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti,  IT markaz va parklarga bog‘lanib, o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Moliya vazirligiga har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga o‘z tizimidagi ikkitadan mutaxassisni doimiy biriktirib, o‘z vaqtida moliyalashtirish va ajratilgan mablag‘larni samarali ishlatish yuzasidan topshiriq berildi.

Bundan tashqari, sharoiti og‘ir bo‘lgan Mehribonlik uylarini Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimlari  otaliqqa oladi.

Masalan,  Prezident Administratsiyasi – Yashnoboddagi 30-son,  Vazirlar Mahkamasi – Yunusoboddagi 23-son, Davlat xavfsizlik xizmati – Bo‘kadagi 15-son, Bosh prokuratura – Samarqand shahridagi 1-son, Chegara qo‘shinlari – Buxoro shahridagi 32-son, Favqulodda vaziyatlar vazirligi – Marg‘ilondagi 1-son, Bojxona qo‘mitasi – Qo‘qondagi 12-son Mehribonlik uylari, Mudofaa vazirligi – Andijon shahridagi Bolalar shaharchasi bilan shug‘ullanib, yil yakuniga qadar ularning barcha muammolarini hal etib beradi.

Shuningdek, IIV Baxt shahridagi tarbiyasi og‘ir o‘g‘il bolalar maxsus kollejini otaliqqa olib,  u yerdagi bolalar tarbiyasiga Milliy gvardiya bilan teng javob berishi ko‘rsatib o‘tildi.

Mehribonlik uylarida tarbiya olayotgan qizlarning ta’lim-tarbiyasi, ularni turmushga tayyorlash masalasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va joylardagi Xotin-qizlar qo‘mitalarining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Ushbu qizlarning barchasi “ayollar daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilish hamda Mehribonlik uylaridan keyingi hayotidagi o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashish yuzasidan vazifalar belgilandi.

 

 O‘zA