Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 309 nafari (17 foiz) chin yetim, qolgan 1 ming 514 nafari (83 foiz) esa ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar hisoblanadi. Vaholanki, bunday oilalarga yordam berib, Mehribonlik uylaridagi 70 foiz bolalarni o‘z oilasi bag‘riga qaytarish mumkin.

Bu haqda bugungi videoselektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda Navoiy viloyati tuman va shahar Kengashlari tashabbusi bilan yetim va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bolalarni farzandlik, vasiylik va homiylikka olayotgan fuqarolarga bola 18 yoshga to‘lguniga qadar mahalliy byudjetdan har oyda 1,2 million so‘m to‘lab borish amaliyoti joriy qilingani ijobiy tajriba sifatida aytib o‘tildi.

Ushbu viloyatda xalq ta’limi bo‘limi va mahalla vakillari hamda profilaktika inspektoridan iborat ishchi guruhi oilasiga qaytgan bolalar ahvolidan xabar olish bo‘yicha haftalik nazorat o‘rnatgan. Natijada so‘nggi 3 oyda  Navoiy shahri va Tomdi tumanidagi 2 ta Mehribonlik uyidagi tarbiyalanuvchilarning 71 nafari, ya’ni 55 foizi oilasi bag‘riga qaytgan.

Davlatimiz rahbari barcha viloyat hokimlariga ushbu ijobiy tajribani o‘z hududida joriy etishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘zA