Dunyoda koronavirusning ikki xil shtammini yuqtirish holatlari kundan-kunga ortib bormoqda.

Hatto yaqinda ikki xil mutatsiyani yuqtirgan bir bemor vafot etgani qayd etildi.

Ya’ni, 3 mart kuni Belgiyaning katolik klinikasiga yotqizilgan 90 yoshli ayolda aynan ikki xil virus aniqlangan. Avvaliga bemorda nafas olish bo‘yicha qiyinchilik bo‘lmagan va kislorod darajasi me’yorida bo‘lgan. Keyin esa uning ahvoli yomonlashgan va besh kundan so‘ng vafot etgan. O‘limidan keyin olingan testda COVIDning ikkita turi — koinfeksiya holati (Alfa (ingliz shtammi) va Beta (Janubiy Afrika shtammi) aniqlangan. Marhum shtammlarni ikki xil odamdan yuqtirgan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilindi. Ammo ayol yolg‘iz yashagan va virusga qarshi emlanmagan. Bu koinfeksiyaning birinchi rasmiy qayd etilgan holatlaridan biri edi. Uning o‘limiga koinfeksiya sabab bo‘lganmi yoki yo‘q, buni to‘liq isbotlay olishmagan.

Jahonning turli mamlakatlarida shu kabi yana yettita holat kuzatilgan bo‘lib, ulardan yana biri Tailandda qayd etilgan. Bangkok shahrida quruvchi-ishchilar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda bir vaqtning o‘zida ikki shtamm — Alfa va Delta tashuvchisi aniqlangan. So‘ngra koinfeksiya holati Hindiston, Ekvador, Portugaliya va Qo‘shma Shtatlarda qayd etildi. AQSH olimlari Nevada shtatidan kelgan 25 yoshli yigitning qayta virusga chalinganini o‘rganib chiqqanida, bemorning tezda tuzalgani, ammo may oyi oxirida yana o‘zini yomon his qilgani — isitma, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, diareya va boshqa shikoyatlar bilan kasalxonaga qayta yotqizilgani qayd etilgan.

Ikki tomonlama infeksiyaning dastlabki holatlaridan biri Rossiyaning Markaziy ilmiy-tadqiqot epidemiologiya institutining rus olimlari tomonidan tekshirildi. Ular yuqori isitma va koronavirusning boshqa alomatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan 90 yoshli bemorning PZR tekshiruvi koronavirus mavjudligini ko‘rsatgani, u intensiv terapiyaga yotqizilganidan besh kun o‘tgach vafot etganini ma’lum qildi.

Hozircha koinfeksiya bo‘yicha ma’lumotlar kam. Xulosa qilishga esa erta. Ba’zan qayta kasallanish holati koinfeksiyani yashirishi mumkin degan taxmin ham yo‘q emas. Olimlarning bir organizmda ikki xil virus shtammi alomatlari va vaksinalarning ta’siri borasidagi tadqiqotlari hali davom etmoqda.