Loyihani amalga oshirish boshqaruv bo‘limi va markaziy zavod laboratoriyasi analizatorlari uchun ishlatiladigan yuqori tozalikdagi vodorod (99,999%) import o‘rnini bosishga imkon beradi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar Ustyurt gaz-kimyo majmuasida yiliga 950 ballon vodorodga ehtiyoj bo‘lib, har bir ballon uchun o‘rtacha 209 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar sarflanar edi. Vodorod Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlardan import qilinib kelmoqda.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi import o‘rnini bosish va yuqori tozalikdagi vodorod bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish tufayli kompleksning onlayn analizatorlari uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash imkonini beradi.
Loyihaning qiymati 150 ming AQSH dollariga teng bo‘lib, u korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Loyiha “Yeast-Wyest Engineering” MCHJning loyiha instituti tomonidan tayyorlangan ishchi hujjatlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Zavodning yillik quvvati 15000 kub metr vodorod gazini tashkil yetadi. Bu quvvat yuqori tozalikdagi vodorodning ortiqcha hajmini (yiliga taxminan 9000 kub metr) olish va uni O‘zbekiston Respublikasi ichki bozorida sotish imkonini beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 200 ming AQSH dollariga yaqin valyuta mablag‘lari tejalishiga erishiladi.
Ayni paytda mazkur loyiha doirasida vodorod quyish stansiyasi to‘liq qurib bitkazildi va loyiha hujjatlariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish boshlab yuborildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati
O‘zA