Toshkentda 1 iyul kuni “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari ishtirokida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasida birinchi marta offlayn tarzda o‘tkazilmoqda.
Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston tashqi ishlar mahkamalari rahbarlarining o‘rinbosarlari hamda Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi o‘rinbosari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yuqori darajali muloqotning yillik uchrashuvlari 2013 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbir doirasida chegaralarni boshqarish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohalaridagi hamkorlik masalalari hamda mintaqaviy ekologik muammolar muhokama qilindi.
Mintaqalararo hamkorlik doirasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yakunlari hamda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida turli darajada o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi yuzasidan qator takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 15-16 iyul kunlari Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy va investitsion aloqalarni kengaytirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi alohida qayd etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar faol rivojlanmoqda, aloqalar kengayib bormoqda. O‘zbekiston tashabbus doirasida YeI bilan iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda.
– Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan, oktyabr oyida Dushanbe va Bishkek shaharlarida YeI va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik yuzasidan uchrashuvlar rejalashtirilgan, – dedi Tashqi ishlar vazirligining Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi birinchi kotibi Sharofiddin Mirzoqulov.
Uchrashuvda koronavirus pandemiyasi sharoitida tashqi siyosat va xavfsizlik sohalarida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA