Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi delegatsiya Prezidentimiz topshirig‘iga binoan “Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo hududlararo hamkorlik” birinchi forumi doirasida amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga bordi.
Tashrif doirasida dastlab IT sohasida ish olib borayotgan “Acryl” kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ta’lim texnologiyalari sohasida mutaxassislarni tayyorlaydigan IT markazlarni barpo etish va ta’lim texnologiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, “People & Dream Co., Ltd.” kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatlar davomida Qoraqalpog‘iston va Koreya Respublikalari o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatish hamda respublika hududida monomarkazlar tashkil etish, shu jumladan, xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni kasbga yo‘naltirish hamda chet tillariga o‘qitish haqida so‘z bordi. Shuningdek, uchrashuvlar davomida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan ham muzokaralar olib borildi. Unda “Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish – Orolbo‘yi mintaqasi uchun yashil tiklanish” loyihasini amalga oshirish va bu borada hamkorlikda ishlash, tabiiy ofatga chidamli vositalar bilan ta’minlash, jumladan, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Kun davomida Koreya Respublikasining bir qator tashkilotlari bilan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Koreya internet va axborot xavfsizligi agentligi vakillari bilan uchrashuv davomida IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘istonning umumta’lim maktablariga zamonaviy kompyuterlar berildi. “KIDL Co., LTD” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik, shuningdek, Orolbo‘yi tumanlarida kompaniya texnologiyalari asosida zamonaviy issiqxonalarni tashkil etish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuvlarda qator manfaatli kelishuvlarga erishildi, muhim shartnomalar imzolandi. Hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalar keng muhokama etildi.
“Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo hududlararo hamkorlik” birinchi forumida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, Prezidentimizning alohida e’tibori bilan ishbilarmonlikni rivojlantirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘nalishlarida Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar, ushbu jarayonda yaratilgan imkoniyatlar haqida keng ma’lumot berdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yaratilib berilayotgan imkoniyatlar tufayli respublikada tadbirkorlar soni ortib, yangi investitsiya loyihalari ishga tushirilmoqda. Bu galgi o‘tkazilayotgan forum ushbu yo‘nalishdagi ishlarning davomi sifatida yaqin sheriklikni yo‘lga qo‘yishda mustahkam tayanch bo‘ladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri