FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi “Mavluda Ozoda” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rashid Safarniyozov ko‘p yillik ish tajribasiga ega tadbirkorlardan. U o‘z biznes faoliyatini 2011 yil umumiy ovqatlanish xizmatini yo‘lga qo‘yishdan boshlagan.

Keyinchalik tadbirkor shahar hududida joylashgan jami 6 gektarlik yer maydonida fuqarolar uchun dam olish maskani “Akvapark” tashkil qilgan, shu bilan birga baliqchilik va bog‘dorchilik sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Buning uchun u jami 6 milliarddan ziyod mablag‘ sarfladi.

Tadbirkor barpo etgan bog‘da bugun 3 mingdan ziyod mevali daraxt hosilga kirgan. Baliqchilik tarmog‘ining umumiy 1,5 gektar maydonda joylashgan sun’iy ko‘lida esa yiliga 20-30 tonna baliq yetishtirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, tadbirkor asos solgan “Fish House” ovqatlanish maskani mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan doim gavjum.

Yaratilgan imtiyozlardan unumli foydalangan Rashid Safarniyozov 100 ga yaqin ishsiz fuqaro, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga erishdi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA