Iqtisodiyot va moliya vazirligi xalqaro standartlar asosida buxgalteriya hisobi, audit va moliya bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (ACCA) bilan samarali hamkorlik qilmoqda.
Vazirlikda ACCAning Yevroosiyo va Yaqin Sharq bo‘yicha portfeli boshqaruvchisi Kush Axuja ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ham ana shunday hamkorlik davomidir.
Uchrashuvda buxgalterlarning xalqaro sertifikatlash faoliyatini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ACCA vakillari O‘zbekistondagi ACCA talabalarining imtihondan o‘tish ko‘rsatkichlari, oliy o‘quv yurtlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda xalqaro buxgalteriya hisobi va audit ta’lim standartlari asosida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bayon etdi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida buxgalteriya hisobi, audit va moliya sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada rivojlantirish hamda barqaror rivojlanish uchun xalqaro hisobot standartlarini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA