Joriy yilning 25-30 noyabr kunlari Tatariston Respublikasining Qozon shahrida turkiy va sharq xalqlarining “Qozonda Sharq bozori” xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi.
Mazkur festivalda qoraqalpog‘istonlik san’at ustalari, rassomlar va turoperatorlar ishtirok etadi.
Jumladan, 26 noyabr kuni festival doirasida Qozon shahridagi “Piramida”ko‘ngilochar majmuasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston san’at ustalari hamda “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli ishtirokida “Do‘stlik” konserti namoyish etiladi. Shuningdek, festival doirasida qoraqalpog‘istonlik rassomlar va san’atkorlarning ko‘rgazmasi, Qozon davlat madaniyat institutida Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrining tatar dramaturgi T.Minnullinning “Bir qizga to‘rt nafar kuyov” spektakli tataristonlik tomoshabinlarga havola etiladi.
Shu bilan birga tashrif davomida respublika delegatsiya a’zolarining Qoraqalpog‘iston va Tatariston o‘rtasida turizm, madaniyat, ta’lim sohalarida hamkorlik qilish, Tatariston bilan har tomonlama aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish maqsadida rasmiy uchrashuvlar, “Osiyo va Sharq xalqlarining madaniy aloqalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishi kutilmoqda.
Muhimi, ushbu lavhalar doirasida Tataristonda buyuk Qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining 200 yilligi ham nishonlanadi. 30 noyabr kuni festival yakuniga bag‘ishlangan gala-konsert dasturida “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansamblining ishtiroki rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri