– Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmog‘ini olmaylik, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik asosiy o‘ringa ko‘tarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
So‘nggi 4 yilda 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko‘payib, ular 500 mingdan oshgani buning yaqqol dalilidir.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokida zamonaviy korxonalar barpo etib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, mahsulotlarini eksport qilayotgan tadbirkor yoshlarimiz safi kun sayin kengayib bormoqda.
Misol uchun, Samarqand tumanida Muzrob Toshev, Rishtonda Xurshid Normatov, Urgutda Majidxon Islomov, Xo‘jaobodda Nuriddin Abdurahmonov, Hazoraspda Dilshodbek Hojiyev singari izlanuvchan yoshlarimiz, havas qilsa arziydigan natijalarga erishmoqda.
bugungi bayram munosabati bilan, mana shunday salohiyatli yoshlarimizning bir guruhi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham, albatta barchamizni mamnun etadi.
Albatta, bunday o‘g‘il-qizlarimiz – zamonamizning yosh qahramonlaridir. Ularning dastlabki, ammo umidbaxsh yutuqlari haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatuvlar, maqola va suhbatlar tashkil etib, amalga oshirayotgan ibratli ishlarini keng jamoatchilik, avvalo, tengdoshlari o‘rtasida targ‘ib qilish ayni muddao bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.