Bugun shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, iqtidorli yoshlarimizning ko‘pchiligi jonkuyarlik bilan xizmat qilmoqdalar. Bunday yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz, – dedi Prezident.
Masalan, Sherzod Rahmonov – Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov – Shirin shahrida va Elbek Shukurov – Sergeli tumanida hokim bo‘lib,
Durdona Rahimova – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Odiljon Tojiyev – Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Shu bilan birga, ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda.
Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega yoshlarimizni Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizimni joriy etamiz.
Umuman, yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar.
Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi.
Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga
bunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va boshqa rag‘bat turlarini ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA