Bugun – 20 iyun kuni 2021/2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

Bu yilgi abituriyentlarning hujjat topshirishi jarayoni davlatimiz rahbarining oliy ta’limga qaratayotgan jiddiy e’tibori ruhida boshlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’limning sifati hamon pastligicha qolayotgani, hamyurtlarimiz bu tizimda korrupsiya holati mavjudligini e’tirof etayotgani ro‘y-rost aytildi.

Darhaqiqat, toki oliy ta’limda sifat jihatdan o‘zgarishlar ro‘y bermas ekan, bilimi haminqadar bitiruvchi ijtimoiy-iqtisodiy jabhalar rivojiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsataveradi. Bu esa alal-oqibat mamlakat ravnaqi, uning jahondagi nufuzi bilan ham bevosita bog‘liqdir.

Videoselektorda qayd etilganidek, oxirgi 3 yilda oliy ta’lim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetdi, qabul o‘rinlari 66 mingtadan 181 mingtaga oshdi. OTMlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Xorijiy mamlakatlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 64 ta yangi kasb bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarning maoshi o‘rtacha 3,5 baravarga oshirildi. Lekin o‘qitish sifati, fanlarni optimallashtirish, professor-pedagogik tarkibni ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod etish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini zamon talabiga mos tarzda yangilash  bilan bog‘liq muammolar ham yo‘q emas.

Sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida bu yil yangi-yangi yo‘nalishlar, imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Shu bilan birga, joriy o‘quv yilida abituriyentlardan avvalgi yillarga nisbatan ancha ko‘p hujjat topshirilishi kutilyapti.  Bu jarayonda yoshlarga omad tilagan holda, haqqoniylik, halollik ushbu mas’uliyatli pallada ustuvor bo‘lishiga umid bildiramiz.

 

   Nazokat Usmonova,

    O‘zA