bugungi kunda parrandachilik eng serdaromad tarmoqlardan biriga aylandi. Prezidentimizning kuni kecha imzolangan yangi qarori bilan tarmoqni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli imtiyozlar berildi.

Jumladan, parrandachilik korxonalariga 2024 yil 1 iyulgacha foyda, yer, mol-mulk, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar stavkalari 2 baravar kamaytirildi.

Ularga yetishtirilgan tuxum va go‘sht uchun subsidiya berish, kredit va foizlarni, transport xarajatlarining bir qismini qoplab berish joriy etildi.

Parrandachilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan jami 85 million dollarlik imtiyozli resurslar ajratildi.

Andijon viloyatida ham 5 million bosh parranda boqish bo‘yicha qiymati 10 million dollarlik 14 ta yirik loyihani ishga tushirish belgilangan.

Davlatimiz rahbari yil yakuniga qadar 10 mingta xonadonga 2 million bosh parranda yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Bunda, tuxum yetishtirish yo‘nalishida – har bir xonadonga 100 tadan tovuq, go‘sht yo‘nalishida – 200 tadan jo‘ja tarqatish zarur.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va sektor rahbarlariga bir hafta muddatda parranda boqadigan xonadonlar ro‘yxatini shakllantirish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ularni o‘qitishni tashkil etish vazifasi yuklandi.

“Mikrokreditbank”, “Xalq banki”, “Agrobank”ka aholiga parranda va ozuqa-yem xarid qilish uchun zarur kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 

O‘zA