O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, istiqboldagi rejalarni belgilash maqsadida 17 iyun kuni Andijon viloyatiga keldi.

Izboskan tumanining Qo‘g‘ay mahallasi – eng chekka hududlardan biri. Iqtisodiy imkoniyatlar natijasida qishloqlarga ham sanoat kirib bormoqda. Bu aholini ish bilan ta’minlashda juda muhim.

Yaqinda ushbu mahallada “Sohib omad barakasi” klasteri tomonidan “And gold” tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari mazkur fabrika faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 2 million 500 ming dollar bo‘lgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxona yiliga 3 million 500 ming dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu boradagi yillik imkoniyat 5 million dollardan ziyod. Kalava ip yetkazib berish bo‘yicha Xitoy va Rossiya bilan shartnoma tuzilgan.

Korxonada hozircha 830 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.

– Sizlarga o‘zimning hurmatimni, muhabbatimni bildiraman. O‘zlaringiz yashaydigan qishloqda ishli bo‘lganlaringizdan xursandman. Qachon Izboskanda mana shunday zamonaviy korxona bo‘lgan? Bu ishlarni yana davom ettiramiz. Xotin-qizlarimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Ayol ishli bo‘lib, kayfiyati yaxshi bo‘lsa, oilasi ham baxtli bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur korxona to‘rt oyda qurib bitkazilgan. Fabrika to‘la quvvatga chiqqanda, chekka hududdagi 1 ming 200 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

O‘z qishlog‘ida ish bilan ta’minlangan xotin-qizlarning dil izhorini korxona ishchisi Nozima Hakimova Prezidentimizga yetkazdi:

– Men shu yurtning baxtli ayoliman. Oilam tinch, farzandlarim sog‘-salomat. Qishloqda hamma sharoitga ega korxonaga ishga joylashdim. Chekka qishloqlar aholisini daromad bilan ta’minlash bo‘yicha islohotlarni amalga oshiryapsiz. Bundan odamlar xursand, – dedi u.

“Sohib omad barakasi” klasteri 8 ming gektar yerda paxtachilik bilan shug‘ullanadi. Klasterning kalava ip va mato to‘qish korxonalari bor. Kelgusida Andijon tumanida yana bitta tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi fabrika, Shahrixon tumanida bo‘yash sexini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu yerda Andijon viloyatida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.

Davlatimiz rahbari Paxtaobod tumanidagi innovatsion issiqxonani ko‘zdan kechirdi.

Innovatsionligi shundaki, bu joy ilgari tosh-shag‘al kareri bo‘lgan. Yerdan unumli foydalanish siyosati natijasida u ekinzorga aylantirildi. «Mega agro» mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yerda Ispaniya texnologiyasi asosida issiqxona barpo etdi.

Bu texnologiyada ekin polietilen quvurchalar orqali sug‘oriladi. Eng muhimi, suv isrof bo‘lmaydi, doimiy aylanib turadi.

Tadbirkor uchun 16 gektar yer ajratilgan. Shundan 6 gektarida ochiq va yopiq issiqxona tashkil etilgan. Yana 2 gektarda Turkiya va Ispaniyadan olib kelingan zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda.

Issiqxonalarda «Aysberg» karami, pomidor, bodring, ularning ko‘chatlari va har xil ko‘katlar yetishtiriladi. Ularni yurtimiz bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, yiliga 1 million 500 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonada 100 ta ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari Andijonda metall konstruksiyalar korxonasi tashkil etib, chetdan sotib olinayotgan materiallarni mahalliylashtirish, xususan, issiqxona detallarini ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi. Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti viloyatda agrar sohani innovatsion rivojlantirishga akselerator bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xo‘jaligi dalasida g‘alla hosilini ko‘rdi.

Xo‘jalikda 55 gektardan ziyod yerga bug‘doy ekilgan. Uning har gektaridan 72 sentnerdan ziyod hosil olish kutilmoqda.  Shundan 177 tonna davlat resurslari uchun sotiladi, 225 tonna o‘z ixtiyorida qoladi.

13 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilingan. G‘alladan bo‘shagan maydon takroriy ekin ekish uchun 200 nafar aholiga ajratib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari g‘allaning navi, hosildorligi bilan qiziqdi.

– G‘alla hosildorligini 100 sentnerga chiqarish choralarini ko‘rish kerak. Shunda fermerning ham, ishchilarining ham daromadi oshadi. Daromadi ko‘paysa, fermer ilmga e’tibor beradi, yangicha ishlashga o‘tadi, qo‘ni-qo‘shnisiga, yoshlarga foydasi tegadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda viloyat fermerlari, yoshlar vakillari bilan muloqot bo‘ldi.

– Bugun Andijonga kelishimdan maqsad odamlar islohotlarning foydasini sezyaptimi, ro‘zg‘orida o‘zgarish bo‘ldimi, xalqni rozi qilish uchun yana nimalar qilish kerak, degan savollarga javob topish, – dedi Prezident. – Yurib ko‘ryapman, albatta, o‘zgarish bor. Lekin bu bizni qoniqtirmaydi. Yanada ko‘proq ishchi joylar, mahallalarda sharoitlar qilishimiz kerak.

Uchrashuvda qishloqlarda sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xonadonlarda parrandachilik, tomorqachilikni kengaytirish masalalari haqida so‘z bordi.

– Islohotlarning kuchi – mahallada, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Izboskan tumanidagi Urganji mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.

Mahallada 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yil 915 o‘rinli umumta’lim maktabi ta’mirdan chiqarildi. Barcha ko‘chalar obod bo‘lyapti. O‘nlab kichik biznes sub’ektlari aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Dastur bo‘yicha guzardagi bino qayta rekonstruksiya qilinib, otalar choyxonasi, oziq-ovqat do‘koni, sartaroshxona, “Street Workout” sport maydonchasi, “Raqamli mahalla” IT-markazi bunyod etildi. IT-markazida bolalar kompyuter savodxonligi, kibersport, dasturlash kabi amallarni bajarishni o‘rganyapti.

Odamlarning o‘zi ham hunarmand, mirishkor. Jumladan, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga 10 sotixdan yer ajratilyapti. Mahalladagi 150 ta xonadonga 50 tadan parranda berilib, o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlangan.

Shavkat Mirziyoyev shu yerlik Qurbonali O‘rinboyev xonadonida bo‘lib, yashash sharoitini ko‘zdan kechirdi. Mahalla vakillari bilan dildan suhbat bo‘ldi.

– Endi har bir xonadonning imkoniyatidan kelib chiqib, biznes-reja yozib beriladi. Davlat tashkilotlari sharoit yaratadi. Hozirgi zamonga munosib bo‘lib, mehnat qilmasak, niyatimizga yetolmaymiz. Xudoning o‘zi mehnatga, harakatga yarasha ajrini beradi, – dedi Prezident.

Nuroniylar yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab, duo qildi.

Aholi zich joylashgan Andijon viloyatida uy-joy masalasi dolzarb. Shu bois Prezidentimiz viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida Andijon tumanidagi adirliklarda yangi shahar qurish tashabbusini ilgari surgan edi.

Shundan so‘ng, turkiyalik mutaxassislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilib, shu yil 12 aprel kuni taqdimot qilingan edi. Davlatimiz rahbari uy-joylarni puxta loyihalashtirish, hududda ko‘proq bog‘ va xiyobonlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

17 iyun kuni ushbu yangi shahar qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi. Unda nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Prezidentimiz bu qurilishni xalqimiz bunyodkorligini namoyon etadigan tarixiy voqea deb atadi.

– Andijondagi uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri o‘zimni qiynayman. Chunki yer kam, uylarga talab yillar davomida to‘planib qolgan edi. Bir xonadonda bir nechta kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar ko‘p. Shuning uchun uzoqni o‘ylab, yangi shahar qurishga kirishdik. Bu yerda 130 mingdan ortiq xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etiladi, 450 mingdan ziyod aholi yashaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning 2 ming gektar qismida uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar, sanoat zonalari, xizmat va servis ob’ektlari quriladi. Prezidentimizning ko‘rsatmasiga muvofiq, yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etiladi.

Yangi shahar loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun joriy yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Bunda 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 52 kilometr avtomobil yo‘li, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari quriladi.

Birinchi bosqichda 3 ming 310 ta kvartirali 170 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli bog‘cha, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shahar qurilishi davrida 10 mingdan ortiq, keyin esa sanoat, savdo, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish sohalarida jami 100 mingga yaqin doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur voyaga yetgan zamin ekani, andijonliklar bilimi va matonati bilan katta ishlarga qodirligini ta’kidladi.

– Bugun mana shunday ulkan bunyodkorlik ishlariga kirishar ekanmiz, avvalo mard va olijanob xalqimiz qudratiga, ajdodlarimizning boy bilimi va tajribasiga, mehnatkash, bir so‘zli va tanti Andijon ahlining azmu shijoatiga suyanamiz. Mehnatimiz, ilmimiz va harakatimiz bilan Andijon kelajagini quramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng Prezidentimiz yangi shahar qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

– Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Shu kunlarga yetganimizga shukr. Umid qilamanki, Yangi Andijon xalqimiz baxtli, farovon yashaydigan obod maskan bo‘ladi. Bu tarixiy voqea bilan, xayrli marosim bilan butun Andijon halqini chin yurakdan tabriklayman, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Marosimda mehnat faxriylari, quruvchilar so‘zga chiqdi.

Qiyoslash uchun misol: Andijon viloyati bo‘yicha 2016 yilgacha 4 ming 846 ta oila uchun yakka tartibdagi bir-ikki qavatli uylar qurilgan. Oxirgi 5 yilda esa 11 ming kvartirali ko‘p qavatli hamda 4 ming 400 ta yakka tartibdagi uylar qurildi. Joriy yilda 6 ming 346 xonadonli 271 ta ko‘p qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar barpo etilmoqda.

To‘qimachilik sanoati Andijon viloyatidagi “drayver” sohalardan. Bugun bu yerda 700 ga yaqin shunday korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Andijon shahridagi “Dinar group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi – shulardan biri.

Umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha uchun qarovsiz bino “nol” qiymatda berilgan edi. Atigi yetti oyda bu yerda zamonaviy korxona paydo bo‘ldi.

Yangi korxonaga Italiya, Avstriya va Turkiya kabi davlatlardan mato bo‘yash va tikuv uskunalari keltirib o‘rnatildi. 1000 ta ish o‘rni yaratildi. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj va 5 ming tonna yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturiga a’zo bo‘lishi bilan bu korxona uchun ham keng yo‘l ochildi. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yo‘naltirilmoqda. bugungi kunda xorijiy davlatlar buyurtmalari asosida 50 dan ortiq turdagi yarim tayyor va 100 xildan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yillik eksportni 40 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Bo‘sh turgan inshootlardan samarali foydalanishga qaratilgan iqtisodiy siyosat natijasiga Andijon shahridagi “Diromm” fabrikasi ham misol bo‘la oladi. Uning binosi 1980 yillarda qurilgan, uzoq vaqt ishlamasdan, tashlandiq holga kelib qolgandi.

“Bobur XBK” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 33 million 500 ming dollar miqdorida investitsiya kiritilgach, bino qiyofasi tamoman o‘zgardi. U mukammal ta’mirlanib, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Turkiyaning zamonaviy texnologiyalari o‘rnatildi. Hozir bu yerda 1 ming 500 kishi mehnat qilmoqda. To‘liq quvvatda 2 ming 700 ta doimiy ish o‘rni bo‘ladi.

bugungi kunda korxonada 200 turdagi jinsi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Matoni bo‘yashdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayon zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilmoqda.

Bu fabrikada ham mahsulotlar to‘liq eksport qilinadi. Mo‘ljal – yiliga 25 million dollarlik mahsulotni xorijga yetkazib berish.

Prezidentimiz yangi korxonalardagi ish jarayonini, mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga korxonalar faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Bosh jome masjidini borib ko‘rdi.

Bu joyda ilk masjid 1870 yilda tiklangan. Hozirgi masjid qurilishi 2018 yilda boshlanib, shu yil may oyida yakunlandi.

Yangi bino qadimiy chor ayvon va chor darvoza uslubida barpo etilgan. Uning ikki chetida balandligi 54 metrlik minoralar, asosiy binoning tepa qismida diametri 18 metrli gumbaz qurilgan.

Ilgari masjid sig‘imi 5 ming kishini tashkil qilgan bo‘lsa, endi bino 15 mingdan ortiq namozxonni o‘z ichiga sig‘dira oladi.

Qur’on oyatlaridan tilovat etilib, duo qilindi.

– Bu dargohni barpo etishga hissa qo‘shgan muhandislar, quruvchi va bezakchilar, homiylarga minnatdorchilik bildiraman. Masjid Andijon xalqiga muborak bo‘lsin, uzoq yillar xalqimizga xizmat qilsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda ulamo va imom-xatiblar bilan muloqot bo‘ldi.

– Hamma joylarda muqaddas ziyoratgohlarni obod qilish, yangi masjid va ma’rifat markazlari qurishga e’tibor qaratyapmiz. Bunday xayrli ishlarni davom ettiramiz. Mo‘min-musulmonlar bu yerga kelib, ibodatlarni emin-erkin bajarib, shukronalik bilan xalqimizni duolar qilsa, nur ustiga nur, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

Matnazar ELMURODOV,

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

Faxriddin UBAYDULLAEV,

O‘zA muxbirlari