Prezidentimizning ta’kidlashicha, har bir oliygoh o‘z yo‘nalishida “ilmiy-innovatsion markaz” bo‘lishi kerak. Afsuski, bizdagi birorta oliygohda ushbu ko‘rsatkich 60 foizga ham yetmaydi.
Misol uchun, mamlakat bo‘yicha 24 ta oliygohning ilmiy salohiyati 25 foizga ham yetmaydi (respublika bo‘yicha o‘rtacha 38 foiz), 19 tasida birorta professor va fan doktori mavjud emas.
Xalqaro tajribada ilmiy salohiyat 70 foizdan kam bo‘lsa, bunday oliygoh nufuzli hisoblanmaydi.
So‘nggi 30 yilda atigi 45 ta oliygohning 208 nafar professor-o‘qituvchilari xorijda ilmiy daraja olgan. Oliygohlar ilmiy salohiyatini oshirish uchun, respublika bo‘yicha yiliga 2,5 mingta himoya bo‘lganda ham, 70 foiz ko‘rsatkichga 2030 yilda erishish mumkin.
Shu bois, kelgusi yildan oliygohlar uchun doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar 2 baravarga, keyingi yillardan har yili 50 foizga oshirib boriladi. Bunga har yili byudjetdan qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, har bir tarmoq vazirlik tasarrufidagi oliygohlarga, o‘zining jamg‘armasidan doktorantlar kvotalari uchun yana 10 milliard so‘mdan ajratiladi.
Yig‘ilishda yuqoridagi mexanizmlarni amaliyotga joriy qilish orqali, kelasi yilda oliy ta’limda ilmiy salohiyat darajasini 40 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bunda sifat va innovatsiya eng asosiy baholash mezoni bo‘lishi shart va zarur, dedi Prezident.
O‘zA