Oliy ta’limdagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida tizimda qator yangiliklar joriy etilishi ma’lum qilindi.

Bundan buyon o‘quv reja va adabiyotlari, fan dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini, yo‘nalishidan kelib chiqib, ta’lim shakllarini (kunduzgi, kechki, sirtqi, masofaviy) belgilashni oliygoh boshqaruv kengashining o‘zi hal qiladi.

Endi har bir kafedraning faoliyati ilmiy salohiyat darajasi va yoshlarni seleksiya asosida ilmiy faoliyatga jalb etish ko‘rsatkichlariga qarab baholanadi.

Buning uchun, nufuzli xorijiy nashrlarda muntazam maqolalar chiqarib kelayotgan, shuningdek, shogirdlari ilmiy ishlarini o‘z vaqtida va sifatli himoya qilgan ilmiy rahbarlarga 5 tagacha doktorant va 3 tagacha mustaqil izlanuvchi olish huquqi beriladi (hozirgi paytda 3 tagacha doktorant va mustaqil izlanuvchi olishi mumkin).

O‘tgan 3 yilda respublika bo‘yicha 30 ming nafar professor-o‘qituvchilardan bor-yo‘g‘i 2,3 ming nafari (7 foiz) nufuzli xorijiy jurnallarda maqola chiqargan.

Prezidentimiz endi har bir kafedra o‘z yo‘nalishida kamida 2 ta chet el oliygohi kafedralari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, har yili mavjud 1,5 mingta kafedralarning 1 nafardan yosh olimlarini xorijiy nufuzli oliygohlarga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.

Stajirovka xarajatlarining yarmi oliygoh tomonidan, qolgan yarmi byudjetdan qoplab beriladi va bunga joriy yilda byudjetdan 20 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Rektorlar har bir kafedra huzurida ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etib, ularning o‘ziga daromad topishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi. Ushbu markazlar faoliyatini samarali boshlashi uchun o‘quv, laboratoriya va boshqa moddiy-texnika vositalariga kamida 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

 

O‘zA