O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlarini yanada kengaytirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi natijasida mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli va samarali hamkorligida erishilgan bugungi darajani yuqori baholadi.
Muhammad al-Gargaviy, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Xalifa Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda muqobil energetikani rivojlantirish va energetika ob’ektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya kompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar hamda qator muhim ijtimoiy dasturlar izchil amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlash, bugun Toshkent shahrida ochilgan Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori ofisining faoliyatini tashkil etish borasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Vazir Muhammad al-Gargaviy BAA investorlarining mamlakatimizdagi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun, shuningdek, O‘zbekiston «Dubay Ekspo 2021» butunjahon ko‘rgazmasini qo‘llab-quvvatlayotgani va unda ishtirok etishga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Amirliklar tomoni O‘zbekiston Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish tashabbusini amalga oshirish doirasida yangi loyihaviy taklifini taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida Amirliklarning davlat boshqaruvi, uzoq muddatli yangilanishlar dasturini shakllantirish va innovatsion taraqqiyot yo‘liga o‘tish borasidagi ilg‘or tajribasini keng joriy qilishga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.