Termiz shahrida Surxondaryo viloyati faollarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda vazirlik va idoralar, viloyat sektorlari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari kecha viloyatning tumanlarida bo‘lib, Surxondaryo oldiga odamlarni rozi qilish, hayotini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilab olingani, bugungi yig‘ilishdan maqsad ushbu rejalarni faollar ishtirokida muhokama qilishdan iborat ekanini ta’kidladi.
– Do‘st bo‘lsalaring bugun menga barcha masalalar bo‘yicha aniq-aniq takliflarni, fikrlarni berasizlar. Yana aytaman, qarsak chalish vaqti o‘tdi. Bugun galstukni yechib, etikni kiyib, oddiy odam bo‘lib, o‘zini qiynab, “men o‘z vazifamni bajarish uchun yo‘limni topdimmi, men ishlayotgan hududda “o‘sish nuqtalari” nimalardan iborat? – degan savolni o‘zimizga berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bugun sektor boshliqlarining asosiy vazifasi xalqning og‘irini yengil qilish ekanini ta’kidladi.
– Bitta tuman markazini asfalt qilib, mana natija deyish menga kerak emas. Chekka-chekka hududlarga borib, oddiy odamlarni hayotini o‘ylash, uni yengillashtirish uchun ishlash kerak. Chunki kechagi kun bugunga to‘g‘ri kelmayapti, odamlar hayotini yaxshilash uchun har kuni izlanishga majburmiz. Endi viloyat hokimi boshchiligida hamma rahbarlar xalqning dardi bilan shug‘ullanadi. Sektor rahbarlari bir yilga ishini birinchi muoviniga topshiradi, o‘zi men bergan topshiriqlar bilan shug‘ullanadi. Iqtisodiyotni o‘rganadi, yoshlar, xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar muammolari bilan shug‘ullanadi. Toshkentga bog‘liq bo‘lgan bironta masala qolmadi, buni hozir ma’ruzamda ham aytaman. Hamma muammolarni hal qilib berdik, endi qo‘lga qalam olib, jiddiy ishlash kerak, – dedi Prezident.
O‘zA