Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga kelib, Sherobod tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasi quriladigan maydonga bordi.
Mamlakatimizda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida ko‘plab energiya inshootlari barpo etilmoqda. Xususan, quyosh energiyasidan foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqdaki, bu an’anaviy energiya resurslari cheklangan bugungi sharoitda va kelajakda muhim o‘rin tutadi.
Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar», Fransiyaning «Total Eren» kompaniyalari tomonidan Navoiy va Samarqandda har birining quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Shunday zamonaviy stansiyalardan birini Sherobod tumanida qurish bo‘yicha tender e’lon qilingan edi. Tender savdolarini o‘tkazishda Osiyo taraqqiyot banki texnik va moliyaviy maslahatlari bilan ishtirok etdi.
Loyihani amalga oshirishga 50 dan ortiq xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Ikki bosqichli tanlovdan so‘ng, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi eng arzon tarif taklif etib, g‘olib bo‘ldi.
Loyiha doirasida mazkur kompaniya tomonidan quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi. Shuningdek, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi.
Quyosh fotoelektr stansiyasi uchun 601 gektar maydon ajratilgan. “Masdar” kompaniyasi 260 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qiladi. Stansiyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 1,04 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Buning natijasida yiliga 340 million kub metr tabiiy gaz tejalib, 300 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Fotoelektr stansiyasi qurilishida ming kishi, bitganidan keyin 120 nafar mutaxassis ishlaydi. Ushbu yirik inshootni 2023 yil avgustda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
– Har bir kilovatt-soat elektr energiyasini 1,8 sent narxida sotib olish imkoniyati paydo bo‘lib, bu respublikamiz iqtisodiyoti uchun juda katta yutuq va aholiga yengillikdir. Umuman olganda, ushbu stansiyaning barpo etilishi, unda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi va yangi infratuzilmalar viloyatning kompleks rivojlanishi uchun katta turtki bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng Prezident quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan uning poydevoriga kapsula qo‘ydi.
Ushbu marosimda surxondaryolik nuroniylar, videokonferensiya orqali Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ashok Lavasa , Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy ishtirok etdi.
Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi.
Shuningdek, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quvvati 200 megavattdan bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari, Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida quvvati 100 megavatli shamol elektr stansiyalari, Buxoro va Navoiyda umumiy quvvati bir yarim ming megavatt bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.
2030 yilga borib, mamlakatimizda quyosh elektr stansiyalari quvvatlarini 5 ming, shamol elektr stansiyalarini 3 ming va gidroelektr stansiyalar quvvatini 4 ming megavattga yetkazish maqsad qilingan.