“Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” haftaligi doirasida yosh jurnalistlar uchun mahorat saboqlari tashkil etildi.

Mamlakatimizda bugungi kunda ommaviy axborot vositalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu soha to‘rtinchi hokimiyat sifatida baholanishi ham bejiz emas, albatta. Soha vakillari axborotlarni xolis, haqqoniy yoritishi bilan bir qatorda, tezkor bo‘lmog‘i lozim. Chunki bugungi kunda dunyo miqyosida fuqarolik jurnalistikasi shiddat bilan rivojlanmoqda.

Media haftalik doirasida mahoratli jurnalistlar talabalar, mustaqil jurnalist va bu sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarga mahorat saboqlarini bermoqda.

– Jurnalist bilimli, aqlli va keng fikrlovchi shaxs bo‘lishi kerak. U yoritmoqchi bo‘lgan axborot turli xil sohalarga oid bo‘lishi kerak. Ularni sharhlash, auditoriyaga, tomoshabinga to‘g‘ri, tushunarli va ta’sirli qilib yetkazib berish uchun ham jurnalist o‘sha sohadan xabardor bo‘lishi kerak, – deydi “Sevimli” telekanali boshlovchisi Jahongir Olimov.

– Ushbu tadbir jonli, muhokamalarga boy tarzda o‘tmoqda. Shu sohada faoliyat yuritayotgan ustoz jurnalistlar bu sohaning sir-asrorlarini bizga o‘rgatmoqda. O‘ylaymanki, bu darslar biz kabi sohaga endi kirib kelayotgan yosh jurnalistlar uchun katta imkoniyatdir, — dedi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Ilhom Xudoynazarov.

Bu kabi darslar hafta yakuniga qadar davom etadi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA