Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun XV tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur tanlov milliy jurnalistikamizni yanada rivojlantirish, ijodkorlarni o‘z ustida ishlashga da’vat etmoqda.

Milliy media olamida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan “Oltin qalam” mukofoti uchun tanlovida o‘tgan yillar mobaynida 7 mingdan ortiq jurnalist 107 mingga yaqin ijtimoiy ahamiyatga molik ishlari bilan qatnashdi. 290 nafardan ortig‘i tanlov g‘olibi bo‘ldi. 2020 yilda tanlov pandemiya sababli o‘tkazilmadi.

Joriy yilda tanlovni o‘ziga xos formatda o‘tkazishga ahamiyat qaratildi. Xususan, “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” rag‘batlantiruvchi nominatsiya asosiy mukofotlar sirasiga kiritildi. Yana bir o‘zgarish – tanlovga taqdim etilgan materiallarning elektron shaklini uyushmaning journalist.uz veb saytida ochilgan “Oltin qalam – 2021” bo‘limiga joylashtirish, uni besh balli tizim bo‘yicha baholash yo‘lga qo‘yildi.

Bu yilgi tanlovda 430 ga yaqin jurnalist uch mingdan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. So‘zga mas’uliyat va ifoda mahorati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, yuksak professionalizm, ijodga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida ishlar baholandi. G‘olib va sovrindorlarni aniqlash, ya’ni, yakuniy xulosaga kelishda tanlov nizomida belgilanganidek, uyushma saytida amalga oshirilgan baholash natijalariga ham tayanildi.

N.Usmonova, O‘zA