O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sektor rahbarlari o‘z hududida bajarilayotgan ishlar bo‘yicha mahalliy kengashlarda va ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi zarurligi aytilgan edi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yildagi farmoni bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarning yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish, shu asosda aholi farovonligi, turmush darajasini yanada yuksaltirish maqsadida Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan.

Amudaryo tumanidagi “Xitoy” ovul va “Jumurtov” shaharcha fuqarolar yig‘inlarida dastur doirasida jami 21 milliard 840 million so‘mlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. Jumladan 5 ta umumta’lim maktabi, 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, 9,4 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, 7,4 kilometr elektr tarmog‘i, 2 ta transformator va 77 ta tayanch ustuni, 4 ta tozalangan ichimlik suvi ob’ekti, 9 ta aloqa tarmog‘i, 3,1 kilometr irrigatsiya ob’ektini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

“Xitoy” ovulida 613 xonadonda 3506 nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu hududda jami 13 milliard 942 million so‘mlik ishlar bajarilishi belgilangan. Ayni kunlarda ovul fuqarolar yig‘ini binosida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr ta’minoti, ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, ijtimoiy soha ob’ektlarini rekonstrutsiya qilish, yo‘l bo‘ylariga tungi yoritkichlarni o‘rnatish va ta’mirlash bilan bog‘liq tadbirlar ham jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, turli to‘planib qolgan chiqindilar maxsus transportlar orqali olib tashlanib, gullar, mevali va manzarali daraxt qo‘chatlari o‘tkazilib obodonlashtirilmoqda.

Dastur doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi, talon-toroj qilinishi, qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining sifatsiz bajarilishi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ovul hududida prokuratura ishchi guruhining shtabi tashkil etilgan.

Joriy yilda Chimboy tumanida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida “Qizil o‘zak” hamda ”Orjap” ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib boriladi. 1800 ga yaqin xonadon istiqomat qiladigan bu hududlardagi 3 ta ijtimoiy ob’ektda 2 milliard 575 million so‘mlik rekonstruksiya ishlari, mahallalarning ma’muriy inshootlariga qariyb 550 million so‘mlik qurilish ta’mir ishlarini yuritish belgilangan. Dastur asosida 21,4 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish, 3,1 kilometr elektr liniyalarini modernizatsiyalash, yangi transformator o‘rnatish, 2 kilometr tabiiy gaz tarmog‘ini ta’mirlash, 28,5 kilometr masofadagi ichki avtomobil yo‘lini ta’mirlab, obodonlashtirish, 240 uyning fasadini yaxshilash kabi ishlar rejalashtirilgan. Bu yerda prokuratura tomonidan maxsus shtab tashkil qilingan bo‘lib, qurilish ta’mir ishlari nazorat qilinmoqda.

Hududlarni obodonlashtirish ishlari bilan birga ko‘kalamzorlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, “Qizil-o‘zak” mahallasidagi jami 111 dona daraxt shoxlariga osilib qolgan elektr simlari tartibga solinib, 300 ga yaqin daraxt ko‘chati ekildi. Mahalla hududidagi noqonuniy qurilgan qurilmalar ham buzib tashlandi. Ayni kunlarda ichki yo‘llarga qum shag‘al aralashmasi to‘shalib, tekislanmoqda. Mahallaning eski ma’muriy binosida ham qurilish ta’mirlash ishlari yuritilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati o‘zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi ishlar yangi yondashuvlar asosida amalga oshirilmoqda. Maqsad, davlat dasturiga kiritilgan hududlarning yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etishiga hissa qo‘shishdir.

Dovud Abibullayev, O‘zA