Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Norboyeva MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining majlisida ishtirok etdi.
Unda Assambleya faoliyatiga oid bir qator masalalar, shu jumladan ,tashkilotning 2020 yildagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar MDH Hukumat rahbarlari Kengashining 2020 yil 6 noyabrdagi va MDH davlat rahbarlari Kengashining 2020 yil 18 dekabrdagi qarorlari to‘g‘risidagi axborotini eshitdi. Mazkur axborot MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev tomonidan taqdim etildi.
Shuningdek, Kengash a’zolari 2021 yil 27-28 may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan IX Neva xalqaro ekologik kongressi va 2021 yil 13-15 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan uchinchi Yevroosiyo ayollar forumiga tayyorgarlikning borishini muhokama qildi. Parlament a’zolari joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan saylov kampaniyalarini kuzatish natijalarini va boshqa qator masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, Assambleya huzuridagi Iqtisodiyot bo‘yicha ekspert kengashining faoliyati, MDHni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar ham ko‘rildi.
MDH davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisini, aniqrog‘i, MDHning yubiley sammitini Minskda o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi. 2022 yil noyabrda esa, MDH PA majlisini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olindi.