Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan 17 aprel kuni harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari muborak Ramazon oyi hamda yaqinlashib kelayotgan 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Nukus shahrida joylashgan “Sho‘rsha bobo” hamda “Salmen ota” qabristonlarida “Toza shahar” hashar aksiyasida faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida 300 nafarga yaqin harbiy xizmatchi qabristonlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, buzilib qolgan panjara va devorlarni tiklash, hududlarni begona o‘tlardan tozalash, daraxtlarni oqlash va ariq-zovurlarni tozalash ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.

Xayriya hashari davomida o‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi. Hasharda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi vakillari ham qatnashdi.

“Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida o‘tayotgan ushbu tadbirlar zamirida ajdodlarimiz xotirasini yod etish va qadrlash, yoshlarni xayrli va savobli ishlarni bajarishga o‘rgatish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish kabi ezgu amallar mujassam.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan ana shunday tadbirlar 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida yana o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.