Nukusda OAVda atrof-muhit va iqlim mavzusini yorituvchi hududiy jurnalistlar va blogerlar ishtirokida “Iqlim o‘zgarishi – global halokatmi yoki yangi rivojlanish paradigmasi?” mavzusida Café Scientifique formatidagi uchrashuv o‘tkazildi.

Bahs-munozarada BMT TD eksperti Liliya Zavyalova global iqlim o‘zgarishining asosiy sabablari va uning odamlar hayotiga ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri haqida, shuningdek O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 26-konferensiyasida (SOP-26) bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga ko‘rayotgan tayyorgarligi to‘g‘risida gapirib berdi. Ushbu konferensiya 2021 yil noyabr oyida Glazgoda (Buyuk Britaniya) bo‘lib o‘tadi. Aytish joizki, uning o‘tkazilishi global isishga nisbatan ko‘riladigan chora-tadbirlar bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishda muhim qadam hisoblanadi.

Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘tkaziladigan muzokaralarning ilmiy va siyosiy mazmuni, mamlakatlar tomonidan Kioto protokoli, Parij kelishuvi va iqlim muammolari bo‘yicha boshqa xalqaro hujjatlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilish shartlari haqida so‘z yuritildi.

Jurnalistlar, ekspertlar, loyiha ishtirokchilari hamkorlikda aloqalar samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday ishlarni amalgi oshirishi kerakligi yuzasidan fikrlar bildirildi.

– Jurnalistlar keng jamoatchilikning xabardorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi, – deydi O‘zbekiston Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazining direktori Saida Sulaymonova. – Fuqarolik jamiyatining iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga jalb etilganlik darajasi ularning kasbiy mahoratiga, jurnalistik materiallarning sifatiga, taqdim etiladigan axborotning dolzarbligi, haqqoniyligiga bog‘liq.

Mazkur uchrashuv BMT TD, Hamdo‘stlik va rivojlanish ishlari (FSDO) bo‘yicha Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining hamkorlikdagi “Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligi bo‘yicha siyosiy choralar” mintaqaviy loyihasi doirasida o‘tkazildi. Ushbu loyiha iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda faol va izchil harakatlarni qo‘llab-quvvatlash orqali Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha strategik choralarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

 

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), O‘zA