Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi Nukus shahar Temir yo‘l bekati bo‘limi boshlig‘ining bildirgisiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida pora taklif qilgan fuqarolar ushlandi.

O‘tgan yilning yanvar oyida Taxiatosh temir yo‘l stansiyasi TEM-2 6826-sonli manyovr teplovoz mashinisti A.Ye., yordamchi mashinisti I.K. hamda Xo‘jayli bekati vagon tuzuvchisi M.A. o‘zlariga biriktirilgan teplovozning 120 litr dizel yoqilg‘isini fuqaro T.A.ga jami 480 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Ular ushbu holatni rasmiylashtirmaslik evaziga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasining Nukus shahar Temir yo‘l bekati bo‘limi boshlig‘iga 10 million so‘m pulni pora tariqasida taklif qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan Nukus shahar Temir yo‘l bekati bo‘limi boshlig‘i xizmat xonasida kelishilgan pulni berayotgan vaqtida ushlandi hamda 10 million so‘m pul ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Mazkur holat yuzasidan fuqarolar A.Ye., I.K., M.A. hamda T.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan javobgarlarga nisbatan qonuniy jazo chorasi qo‘llanildi.

  Dovud Abibullayev, O‘zA