Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini belgilash maqsadida 15 aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbarining hududga bundan oldingi tashrifi 2019 yilning yanvar va iyul oylariga to‘g‘ri kelgan edi.

Tashriflar chog‘ida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tuman va shaharlarda bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish hamda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgandi. Shu asosda dasturlar va ularni amalga oshirish “yo‘l xarita”lari tasdiqlanib, hayotga tatbiq etilmoqda.

O‘tgan yil pandemiya ayrim loyihalarni amalga oshirish, qurilish ishlari sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli belgilangan reja va dasturlar o‘z vaqtida bajarildi.

Xususan, joriy yilning birinchi choragida viloyatda qiymati 580,3 milliard so‘mlik 100 ta loyihani ishga tushirish belgilangan bo‘lsa, amalda 832,1 milliard so‘mlik 248 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 800 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoatda 55 ta, xizmatlar sohasida 114 ta, qishloq xo‘jaligida 79 ta loyiha tatbiq etildi.

Prezidentimizning viloyatdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi Samarqand xalqaro aeroportidan boshlandi.

Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida 1967 yilda qurilgan ushbu “havo bandargohi”ni modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Loyiha doirasida yangi terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi, turargoh va boshqa ob’ektlar barpo etilishi belgilangan. bugungi kunda uzunligi 3 ming 105 va eni 60 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi tugallanib, yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilmoqda.

Prezident dastlab xalqaro aviatsiya standartlari asosida qurilgan uchish-qo‘nish yo‘lagini ko‘zdan kechirdi.

Yangi terminal zamonaviy dizaynga, bir soatda 1000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 400 nafar edi.

– Odamlarga qulaylik yaratish asosiy maqsad bo‘lishi kerak. Buning uchun “aqlli texnologiyalar”ni qo‘llash, xizmatlarni arzon, sifatli, tezkor qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Turli hajmdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh barpo etilmoqda. Shundan uchtasi “havo kemalari”ga muzlashga qarshi ishlov berish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.

Aeroportda kargo xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, yuk tashish raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Kargo barqaror va manfaatli bo‘lishi uchun doimiy yuk kerak. Buning uchun samolyotlarga xizmat ko‘rsatish, yuklarni ortish va yetkazib berishni arzon va tez yo‘lga qo‘yib, boshqa aviakompaniyalarni jalb etish zarur. Bundan tashqari, viloyatda eksportbop meva-sabzavotlarni ko‘paytirib, ularni shu kargo orqali jahon bozoriga chiqarish mumkin, – dedi Prezident.

Yangi aeroportni joriy yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, u “ochiq osmon” rejimida to‘liq ishlay boshlaydi. 1000 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yili Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan edi.

– Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib bo‘lishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsa ham, qulay sharoit bo‘lishi zarur, – degan edi Shavkat Mirziyoyev o‘shanda.

Shunga muvofiq, majmuaning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Prezident huzurida bir necha bor taqdimot qilinib, takomillashtirildi. Jahon tajribasi ham o‘rganildi.

2021 yil muborak Ramazon kunlarida ushbu ziyoratgohning qurilishi boshlandi. Shu munosabat bilan bu yerda nuroniylar va ziyolilar bilan uchrashuv bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.

– Ramazon oyi – ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli bo‘ladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga e’tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo‘lish biz uchun juda katta burch, – dedi Prezident.

O‘tgan yili pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishga to‘g‘ri kelgani yodga olindi. Bu yil esa masjidlarimiz ochiq, mo‘min-musulmonlar karantin qoidalariga qat’iy amal qilib, ibodatlarini ado etmoqda. Keksalar, nogiron va yordamga muhtoj insonlar, kam ta’minlagan oilalarga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ayniqsa, butun dunyo og‘ir inqirozni boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab vaziyatda bu juda muhimligi ta’kidlandi.

– Muqaddas dinimiz bizni insonparvarlikni, tinchlik va osoyishtalikni qadrlab yashashga, mehr-oqibatli bo‘lishga da’vat etadi. Mana shunday tushuncha va qarash bilan har bir oila va mahallada, butun jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga erisha olamiz. Takror aytaman, tinchlik va sog‘lik bo‘lsa, qolgan hamma narsa bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ish o‘rinlarini ko‘paytirib, aholi farovonligini oshirish, turmush sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

– To‘rt yillik izlanish, yangilanish va sinovlardan o‘tib, katta tajriba orttirdik. Xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Ramazon oyining olijanob g‘oyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda mustahkam zamin bo‘ladi, – dedi Prezident.

Qur’on oyatlaridan o‘qilib, duo qilindi.

Davlatimiz rahbari majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda katta masjid, to‘rtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bo‘ladi. Ko‘p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi belgilangan.

Ma’lumki, Prezident tashabbusi bilan 2019 yilda bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi tashkil etilgan edi. Qurilajak yangi majmua ular bilan mutanosiblikda ulkan maskan hosil qiladi. Endi bu yerda ziyoratchilar uchun hamma sharoitlar bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Samarqand shahrida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

Marhumning haqiga Qur’on tilovat etildi.

O‘tganlarni yaxshi amallari bilan eslash, ruhlarini shod etish muqaddas qadriyatlarimizdandir. Ulamolar bilan suhbatda Islom Karimovning ana shunday insoniy fazilatlari yodga olindi.

– Islom Abdug‘aniyevich kamtar inson edilar. Bu maqbara ham o‘zlariga munosib bo‘lgan. Bu yerga mehr berganmiz. Birinchi Prezidentimiz boshlagan ishlarni davom ettirayapmiz. Ruhlari shod bo‘lsin, ilohim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Allohdan yurtimizga tinchlik-farovonlik, xalqimizga salomatlik tilab duo qilindi.

Samarqand – qadimiy shahar. Uning tarixiy qiyofasini saqlash muhim bo‘lganidek, aholining o‘sib borayotgan ehtiyoji uchun sharoit yaratish ham kerak. Shu bois shahar chekkasidagi Qorasuv mavzesida ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar bunyod etilmoqda.

Hozir shaharning uchta hududida shunday aholi turar joylari tashkil etish belgilangan bo‘lib, Qorasuv ularning dastlabkisidir. Shu vaqtga qadar Samarqand shahrida 12 qavatdan yuqori binolar qurilmagan. 2018 yildan mazkur massivda zamonaviy shaharsozlik andozalari asosida ko‘p qavatli uylar qurilishiga kirishilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida bu yerdagi dastlabki uylarni ko‘zdan kechirib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi. O‘tgan davrda bu loyihalar hayotga ko‘chdi. “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mavzeda 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 47 ta turar joy qurildi. Ularda 3 ming 588 ta xonadon bor.

Turar joylarning fasadi uch qavatli qoplamadan iborat bo‘lib, bu xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari o‘rnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar egalariga tayyor holda topshirilmoqda.

Umuman, Qorasuv mavzesida qurilgan ko‘p qavatli uylar soni bugunga kelib 116 taga yetdi. Shuningdek, bu yerda 1 ming 600 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli bolalar bog‘chasi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, savdo do‘konlari, o‘yin va sport maydonchalari barpo etilgan.

Joriy yilda yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uylar qurilmoqda.

Mutaxassislar ko‘p qavatli turar joylar qurilishi bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqqan bo‘lib, bunda seysmik ustuvorlik yuqori hisoblanadi. Qorasuv massivi 8 balli seysmik hududga kiradi. Yangi binolarni qurishda bu kabi texnik talablar hisobga olingan holda, 9 balli zilzilaga chidamli qilib bunyod etilyapti.

Davlatimiz rahbari uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarining sifatiga alohida e’tibor qaratdi. Quruvchi tashkilotning sifat uchun mas’uliyati va javobgarligini yanada kuchaytiradigan mexanizm ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

– Rivojlangan davlatlardagidek uylar qurishni o‘zlashtirdik, endi xizmat ko‘rsatishni ham shunga yarasha yaxshilash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chet el tajribasi asosida servis turlarini kengaytirish, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus punkt tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shu yerda Samarqand shahri Bosh rejasi va shahar hududini kengaytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Xususan, Shirin mahallasida 90 ming aholi uchun yangi shaharcha loyihasi ishlab chiqilgan. Hozir bu yerda 1 ming 788 ta yakka tartibdagi uy-joy bor. Yangi loyiha bo‘yicha turli ijtimoiy soha ob’ektlari, zamonaviy ko‘p qavatli uylar bunyod etilib, hudud qiyofasi tubdan o‘zgaradi.

Shuningdek, shaharning temir yo‘l orti hududida joylashgan, yetti mingdan ortiq aholi yashaydigan “Mehnat”, “Matonat” va “Maysazor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ko‘p qavatli turar joylar, dam olish maskanlari, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi loyihalari ham o‘ziga xos arxitektura talablari, yangicha dizayn va qulayliklarni o‘zida jamlagan. Bu ishlarning amalga oshishi bilan hududda 13 mingdan ortiq aholi uchun 208 ta ko‘p qavatli uy-joylar va boshqa ob’ektlar qad rostlaydi. Maqsad aholi uchun qulaylik yaratish, infratuzilmasini yaxshilash va Samarqandni millionli shaharga aylantirishdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan turizm markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, mehmonxonalar, dam olish maskanlari bo‘ladi.

Ayni paytda kongress xoll, “Abadiy shahar” karvon saroyi va 8 ta mehmonxona bunyod etilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi.

Ma’lumki, Samarqandda mehmonxonalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, sayyohlar oqimi ko‘payganda o‘rinlar yetishmay qoladi. Masalan, 2019 yilda shahardagi barcha otellar band bo‘lgan. Davlatimiz tomonidan turizm rivojiga katta imkoniyatlar yaratilayotgani, 90 ga yaqin mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim joriy qilingani sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etmoqda.

Qurilayotgan markaz turistik xabga aylanadi. Bu yerda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun ham keng sharoit bo‘ladi. Uni 2022 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Prezidentimizga mazkur yangi sayyohlik markazi imkoniyatlari, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari markaz boshqaruvini samarali tashkil etish, turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Samarqandning turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi.

Samarqand shahrida ilk bor gastronomik ko‘cha, Samarqand tumani “Konigil” mahalla fuqarolar yig‘inida yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i tashkil etildi. Bunday maskanlar sayyohlarning viloyatda qolish vaqtini uzaytirish bilan birga, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga daromad manbai yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur turistik markazni shahar bilan bog‘laydigan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi, Usta Umar Jo‘raqulov va Afrosiyob ko‘chalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan mazkur iqtisodiy zona mavjud xomashyo va infratuzilmadan samarali foydalanib, qishloq joylarda sanoatni rivojlantirish, ish o‘rinlari ochishda muhim o‘rin tutmoqda.

bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollardan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 313 million dollarlik 55 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish boshlangan, ularda 4 ming 328 ta kishi mehnat qilmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan gaz plitalari, yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlari, gilamlar, gigiyena vositalari, elektr texnikasi buyumlari kabi 220 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 2020 yilda 1,2 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik eksport qilingan.

Prezidentimiz iqtisodiy zona hududidagi “Kamalak Tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Urgut tumanining Mergancha massivida joylashgan ushbu shirkatda gilam va tafting, kovrolin mahsulotlari, sintetik ip va sun’iy chim ishlab chiqarilmoqda.

Korxonaga Belgiya, Shveysariya, Avstriya, Fransiya va Germaniya davlatlarining zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlari o‘rnatilgan. 328 ta ish o‘rni yaratilgan. O‘tgan yili bu yerda tayyorlangan 170 milliard so‘mlik mahsulotning 59 foizi ichki bozorga, 41 foizi xorijga sotilgan. Joriy yilda 7,5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Mahalliylashtirishni kengaytirish, boshqa tumanlarda ham shunday korxonalar tashkil etib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Prezident “Sam elektro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi.

Korxona “Ideal” brendi ostida yiliga 260 ming dona elektr duxovka, 150 ming dona gaz plitalari va ular uchun qo‘shimcha buyumlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Unga Germaniya, Turkiya va Xitoydan zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan.

2020 yilda umumiy qiymati 58 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, uning 32 foizi xorijga eksport qilingan. Joriy yilda 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mahsulot turlarini kengaytirish, zamonaviy elektr texnikalari ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ayni paytda qiymati 90 million dollarlik 29 ta loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi natijasida yana 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bundan tashqari, qiymati 144 million dollarlik 21 ta qo‘shimcha loyiha shakllantirilgan, 206 million dollarlik 33 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy zona imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi va istiqbolli loyihalarni ko‘paytirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shu yerda samarqandlik nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sag Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “In vitro” laboratoriyasini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish maqsadida laboratoriyalar tashkil etilmoqda. “Sag Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining laboratoriyasi ana shunday zamonaviy majmualardan biri.

Umumiy qiymati 2,6 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyiha 2019 yil ishga tushirilgan. Natijada ilgari xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini mahalliy sharoitda tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Bu usul ikki jihatdan juda muhim. Birinchisi, chetdan keltirilayotgan ko‘chatlardagi turli kasalliklarning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldi olinadi. Ikkinchisi, mahalliy laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar xorijnikiga nisbatan bir necha barobar arzon bo‘ladi. Masalan, shu paytgacha chet eldan olib kelingan yong‘oq ko‘chatining bir donasi 5 dollardan 20 dollargacha bo‘lgan bo‘lsa, bu yerda yetishtirilayotgani 3-3,5 dollarni tashkil etadi.

Agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi ham ishga tushirilgan bo‘lib, tuproq, suv va barg namunalarini o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan. Buning samaradorligi shundaki, bog‘dorchilik xo‘jaliklarining tuproq sharoiti o‘rganilib, unga mos ko‘chatlar tavsiya qilinadi. Natijada ko‘chatlar xatosiz unib, mo‘l hosil yetishtiriladi.

“In vitro” uchun 24 gektar yer ajratilgan bo‘lib, 2 gektarda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Yana 3 gektar maydonda yangi issiqxona qurish rejalashtirilgan. Qolgan maydonda esa mamlakatimizda uchramaydigan 65 xil mevali daraxtlar ko‘chati olib kelinib, parvarish qilinadi.

Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag hamda payvandlangan ko‘chatlar yetishtirish imkonini beradi. Ayni paytda bu yerda yong‘oq, bodom, shaftoli, gilos, o‘rik, nok, olma kabi eksportbop mevalarning kasallikdan xoli, iqlim sharoitimizga mos ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

– Bu qo‘shilgan qiymat yaratishda inqilobiy usul. Biz o‘ttiz yil shunga intildik. Ilmiy yondashuv bilan samaradorlikni oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil 2 million dona turli mevali va manzarali ko‘chat yetishtirish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar, shuningdek, 500 ming dona yong‘oq va bodom ko‘chatlarining istiqbolli meva payvandtaglari qilinadi.

Laboratoriya 2024 yilda to‘liq quvvat bilan ishlashi hisobiga bu yerda yiliga 20 million dona ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yildan ko‘chatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ushbu laboratoriya va issiqxonada 140 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Kelajagimiz – sizlarning ilmingiz. Hozirgi davr talabini ko‘rayapsizlar. Men yoshlar forumida aytganimdek, ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik. Shunday ekan, ko‘proq o‘qinglar. Bugun qaysi yosh o‘zini qiynab, bilim olib, tajriba orttirsa, kelajakda albatta natijasi bo‘ladi, – dedi Prezident.

Shu yerda viloyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekistonda pistaning yangi serhosil 12 navi yaratilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. O‘rmon xo‘jaligi tizimida pavloniya yetishtirish hajmi kengaytirilib, undan mamlakatimizda birinchi marta mebel ishlab chiqarildi. Pavloniyaning lavanda, godji kabi mahalliy iqlim sharoitida mos 8 ta turini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari pavloniya daraxti yetishtirishni ko‘paytirish, bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish, zarur mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘rmon xo‘jaligi yerlarini kelgusida uzoq muddatli ijaraga berish orqali mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Matnazar Elmurodov,

Ziyodulla Jonibekov,

Abdulaziz Musayev,

Avazbek XUDOYQULOV,

G‘olib HASANOV,

O‘zA muxbirlari