Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sag Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “In vitro” laboratoriyasini borib ko‘rdi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish maqsadida laboratoriyalar tashkil etilmoqda. “Sag Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining laboratoriyasi ana shunday zamonaviy majmualardan biri.
Umumiy qiymati 2,6 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyiha 2019 yil ishga tushirilgan. Natijada ilgari xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini mahalliy sharoitda tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Bu usul ikki jihatdan juda muhim. Birinchisi, chetdan keltirilayotgan ko‘chatlardagi turli kasalliklarning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldi olinadi. Ikkinchisi, mahalliy laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar xorijnikiga nisbatan bir necha barobar arzon bo‘ladi. Masalan, shu paytgacha chet eldan olib kelingan yong‘oq ko‘chatining bir donasi 5 dollardan 20 dollargacha bo‘lgan bo‘lsa, bu yerda yetishtirilayotgani 3-3,5 dollarni tashkil etadi.
Agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi ham ishga tushirilgan bo‘lib, tuproq, suv va barg namunalarini o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan. Buning samaradorligi shundaki, bog‘dorchilik xo‘jaliklarining tuproq sharoiti o‘rganilib, unga mos ko‘chatlar tavsiya qilinadi. Natija ko‘chatlar xatosiz unib, mo‘l hosil yetishtiriladi.
“In vitro” uchun 24 gektar yer ajratilgan bo‘lib, 2 gektarda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Yana 3 gektar maydonda yangi issiqxona qurish rejalashtirilgan. Qolgan maydonda esa mamlakatimizda uchramaydigan 65 xil mevali daraxtlar ko‘chati olib kelinib, parvarish qilinadi.
Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag hamda payvandlangan ko‘chatlar yetishtirish imkonini beradi. Ayni paytda bu yerda yong‘oq, bodom, shaftoli, gilos, o‘rik, nok, olma kabi eksportbop mevalarning kasallikdan xoli, iqlim sharoitimizga mos ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
– Bu qo‘shilgan qiymat yaratishda inqilobiy usul. Biz o‘ttiz yil shunga intildik. Ilmiy yondashuv bilan samaradorlikni oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yil 2 million dona turli mevali va manzarali ko‘chat yetishtirish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar shuningdek, 500 ming dona yong‘oq va bodom ko‘chatlarining istiqbolli meva payvandtaglari qilinadi.
Laboratoriya 2024 yilda to‘liq quvvat bilan ishlashi hisobiga bu yerda yiliga 20 million dona ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yildan ko‘chatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ushbu laboratoriya va issiqxonada 140 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Davlatimiz rahbari yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
– Kelajagimiz – sizlarning ilmingiz. Hozirgi davr talabini ko‘rayapsizlar. Men yoshlar forumida aytganimdek, ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik. Shunday ekan, ko‘proq o‘qinglar. Bugun qaysi yosh o‘zini qiynab, bilim olib, tajriba orttirsa, kelajakda albatta natijasi bo‘ladi, – dedi Prezident.
Shu yerda viloyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.