Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbarining tashrifi Rossiya Federatsiyasida yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qiladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhitdinov, Rossiya Federatsiyasi poytaxtida yashayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, onlayn-rejimda Rossiyaning deyarli barcha hududlaridagi diasporalar rahbarlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mehnat migrantlarini tizimli qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratilayotgani, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar, xorijda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududlarida bosh konsulliklar ochilishi aksariyat fuqarolarimizning hayotini ancha yengillashtirdi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida misli ko‘rilmagan yordam ko‘rsatildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Rossiyadagi vatandoshlarimizga yordam ko‘rsatilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor qilib, Rossiyada o‘zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini targ‘ib qilishga, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida «ko‘prik» vazifasini o‘tashga tayyorligini bildirdi.
Rossiyadagi fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir necha yil oldin boshlangan islohotlar samarali bo‘lgani, murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga manzilli yordam ko‘rsatilayotgani, mehnat migrantlari uchun ham ijtimoiy kafolatlarning yangi mexanizmlari yaratilgani, shuningdek, fuqarolarimizning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlar Rossiya tomonidan ham bajarila boshlangani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Moskvada vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan «Dugonalar» klubi O‘zbekiston Respublikasining Moskvadagi elchixonasi huzurida Xotin-qizlar jamoat kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
Talaba-yoshlar ham O‘zbekiston tomonidan ularga ko‘rsatilayotgan yordam haqida so‘zlab berdi.
Ikki mamlakatning tegishli idoralari ko‘magida Rossiyada o‘zbek xalqining boy tarixiy va madaniy merosi hamda ezgu an’analarini ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Vatandoshlarimiz Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlash, Moskva va Rossiya Federatsiyasi hududlarida bayram tadbirlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Unda har bir ishtirokchi migratsiya qonunchiligini maqbullashtirish, ro‘yxatdan o‘tish tartibini soddalashtirish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun patent olish, mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalarini to‘liq tiklash va boshqa masalalar xususida nafaqat o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi, balki O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasining rahbariga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ham yo‘llay oldi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA