«Yuksalish» umummilliy harakatida «Markaziy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro hamkorlikdan qo‘shma barqaror o‘sishga» mavzusida xalqaro munozara bo‘lib o‘tdi.
Eksport tashqi savdoda muhim ko‘rsatkich bo‘lib, O‘zbekiston uchun eksport bozorlarining ahamiyatini ko‘rsatadi. 2020 yilda O‘zbekistonning umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 14, 5 foizni tashkil etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatining o‘sish istiqbollari dastlabki tahlili taqdim etildi.
– 2017-2019 yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi deyarli ikki baravarga – 2,7 milliard dollardan 5,2 milliard dollargacha oshgan, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev. – Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqotining bir qismi sifatida amalga oshirilgan tashqi savdo gravitatsion modeli yordamida eksport va import oqimlariga Mintaqaviy savdo shartnomalari (MSSH) tuzilishining ta’sirini baholash shuni ko‘rsatdiki, MSSHda qatnashish O‘zbekistonning ikki tomonlama eksport va import hajmini ikki baravar oshirishi mumkin. Olingan elastiklik koeffitsiyentlari bir qator muhim xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Olingan koeffitsiyentlar shuni ko‘rsatadiki, Mintaqaviy savdo shartnomalarida (MSSH) ishtirok etish, qolgan barcha shartlar teng bo‘lgan holda, O‘zbekiston eksportining o‘rtacha 140,4 foizga oshishiga olib keladi.
Tadbirda qayd etilishicha, import qiluvchi mamlakatlarda o‘zbek tovarlariga bojlarning joriy etilishi O‘zbekiston eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan ichki bozorlarga o‘zaro kirishni kengaytirish asosan tayyor mahsulotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ular tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal qilishga yordam berishi mumkin, chunki bu mamlakatlar raqobatchilar emas, balki birlamchi bo‘lmagan tovarlar uchun o‘zaro savdo bo‘yicha sheriklardir.
Xususan, tovar ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini oshirish Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy qiymat zanjirlarini, shu jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratishga hissa qo‘shishi mumkin, bu esa tranzaksiya xarajatlarini kamaytirishda kompensatsion ta’sir ko‘rsatadi.
Ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritish o‘rta muddatli istiqbolda rivojlanishning muhim sharti ekanligini ta’kidladi.
Osiyo taraqqiyot bankining ma’lumotiga ko‘ra, Osiyoda 2030 yilgacha hozirgi iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish uchun taxminan 22 trillion dollarga yaqin infrastruktura sarmoyasi zarur bo‘lishi tadbirda qayd etildi. Bunday investitsiyalar shu bilan ahamiyatliki, ularning ijobiy bilvosita ta’siri davlat chegaralarida to‘xtab qolmaydi, ya’ni bu ko‘p tomonlama naf keltiradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA