Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, sudlar faoliyatida nuroniylar tajribasidan samarali foydalanish, yosh avlodga tarbiyaviy-ma’rifiy saboq berish masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan videokonferens aloqa rejimida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va ma’muriy sudining sudyalari, faxriylar ishtirok etdi.

Anjumanni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari A.Adilov boshqarib bordi. So‘ng davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining barcha sohalar qatori sud-huquq tizimini rivojlantirishdagi ahamiyati, sudlar faoliyatida nuroniylar tajribasidan samarali foydalanish, yosh avlodga tarbiyaviy-ma’rifiy saboq berishning afzalliklari xususida so‘z bordi.

Farmon bilan joriy yilga tasdiqlangan davlat dasturida qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Bu borada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlarning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

bugungi kunda sud tizimida “ustoz-shogird” an’anasining yo‘lga qo‘yilganligi kelajakda yetuk malakali sudyalarni tarbiyalashda, odil hukm chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, lavozimlarga ilk marotaba tayinlangan yosh sudyalarga ilgari ushbu tizimda samarali faoliyat yuritib, mehnat yo‘li ko‘pga namuna, tajribali faxriy sudyalar ustoz qilib biriktirilgan. Ular doimo ko‘rilayotgan ish bilan bog‘liq qonuniy qaror qabul qilishda o‘zlarining bor bilim va tajribalarini ayamay, yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelmoqda. Albatta, sud-huquq tizimidagi islohotlar, sudyalarga berilayotgan imtiyoz va qulayliklar sudyalarning mas’uliyatini ham oshiradi.

 

Gulayim G‘aniyeva,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi  

bosh konsultanti