Davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan fuqarolar shu yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilmoqda.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun Nukus shahriga maxsus poyezd bilan yetib kelgan o‘g‘lonlarni Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, aktyor, rejissyor, ssenarist Hilol Nasimov va O‘zbekiston davlat drama teatri direktori, aktyor Bahrom Usmonov, «Nuroniy» jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Tursunboy Abdujabborov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i polkovnik Dilshod Ilhomov qarshi oldi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestrining tantanavor kuy va navolari ostida kutib olingan yangi chaqiriluvchilarga kutib olish marosimi o‘zgacha kayfiyat va shijoat bag‘ishladi.

Tadbir davomida so‘z olganlar Qoraqalpog‘iston zaminiga yetib kelgan azamatlarni qutlab, bu yurtning boy tarixiy merosi, madaniyati va urf-odatlari bir yil davomida muddatli harbiy xizmatni o‘taydigan askarlarda katta taassurotlar qoldirishiga ishonch bildirishdi. “Sahrodagi Luvr” nomi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi kabi ko‘plab tarixiy ob’ektlarga, albatta borish tavsiya qilindi. Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, yorug‘ yuz bilan uylariga qaytishga tilak bildirildi.

Ha, mamlakatimizning turli viloyatlaridan saralab olingan mana shunday mard va zabardast o‘g‘lonlar joylarda tantana bilan kutib olinyapti. Zero, yurt qo‘rishdek mas’uliyatli vazifaga kirishayotgan yigitlar xalqimiz, mamlakatimiz tomonidan yuksak qadrlanadi.

– Askarlar bilan suhbatlashsangiz har birining ezgu niyatlari kelajakka ulkan umidlar bilan sug‘orilganini anglaysiz, – deydi Hilol Nasimov. – Ularga qarab, yurtimiz himoyasi har tomonlama barkamol, jismonan baquvvat bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlar qo‘lida ekanligidan cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ularini tuyasiz.

Kino san’atiga qiziqib kelayotgan askarlar tadbir davomida taniqli rejissyorni suhbatga tortishdi.

Nukus vokzalidan harbiy qismga yetib kelgan yangi chaqiriluvchilar endilikda amaldagi karantin qoidalariga muvofiq o‘tkaziladigan yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etishi belgilangan.