Nukusdagi «Istiqlol» bolalar dam olish markazida «Kitobxonlik haftaligi»ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Tatlimurat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kenesboy Karimov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Muratboy Nizanov va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasidagi ishlarga to‘xtaldi. Xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ona Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatining ahamiyati yuksak ekani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi mamlakatimizda «Kitobxonlik haftaligi» etib belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta’minlash yuzasidan joriy yilning 6-7 aprel kunlari Bo‘zatov tumanida she’riyat festivali o‘tkaziladi.

Haftalik doirasida “Yosh ijodkorlar ”, “Bilimdon yoshlar ” kitobxonlar klubi a’zolari ishtirokida “Kitob-qalb gavhari, ko‘ngil ziynati», «Kitob-bu jamiyatning boyligi» mavzularida davra suhbati, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida «Qoraqalpoq milliy naql-maqollari» bellashuvi, «Siz sevib o‘qigan kitob?», «Men sevgan kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman» aksiyalari, aholi o‘rtasida oilaviy kitob o‘qish an’anasini yo‘lga qo‘yish maksadida «Eng yaxshi kitobxon oila» tanlovi va boshqa qiziqarli tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda milliy madaniyatimiz bilan adabiyotimizni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq.

– Bir guruh ustozlarimiz bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi kitobxonlik bayramida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Albatta Orolbo‘yiga tashrifimiz davomida adabiyot ixlosmandlari, kitobsevarlar bilan uchrashuvlar adiblarimizning yangi asarlariga zamin yaratadi, degan umiddaman.

Tadbir ishtirokchilari kitoblar ko‘rgazmasi va yarmarkasi bilan tanishdi. Ularga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA