Prezident raisligida sog‘liqni saqlash sohasini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala bo‘yicha sog‘liqni saqlash mutasaddilari va viloyat boshqarmalari rahbarlarining hisobotlari eshitilmoqda.
Davlatimiz rahbari hududlarda kasalliklarning turiga qarab, xususiy sektorni jalb qilgan holda, davolash muassasalarini tashkil etish ishlari lozim darajada emasligini ta’kidladi.
Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida birorta loyiha amalga oshirilmagan.Shuningdek, aholi orasida ehtiyoj yuqori bo‘lgan gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari bo‘yicha xususiy sheriklik asosida hududlarda markazlar tashkil etish yuzasidan loyihalar yakuniga yetkazilmagan.
Prezidentimiz ushbu hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ markazlarini qurishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida onkologik radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqib, hukumatga kiritish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda sohada haligacha korrupsiya illatiga barham berilmayotgani qayd etildi.Xususun, birgina Onkologiya markazining Toshkent shahar filialida 828 million so‘m, Toshkent pediatriya instituti klinikasi mansabdorlari 423 million so‘m mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan.Jondor tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i 1 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ygan.
Prezident bunday misollarni har bir viloyat, tuman va shahar kesimida ko‘plab keltirish mumkinligini ta’kidladi. Sohada qonun ustuvor va jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatish yuzasidan Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyevga topshiriq berildi.
– Tibbiyotda odamlar hali bizdan rozi bo‘lgani yo‘q. Tibbiyot vakillari davlat xodimi bo‘laturib, sohadagi siyosatni xalqqa yetkazolmayapti. Masalan, O‘zbekistonda tibbiyot bepulmi pullimi degan savolga haligacha aniq javob yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA