Davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash sohasida qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi bo‘yicha hisobotlar tinglanayotgan videoselektor yig‘ilishida respublika ixtisoslashgan markazlari faoliyatiga ham to‘xtaldi.
– Respublika ixtisoslashgan markazlarning vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bog‘lash zarur, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda Toshkent shahridagi shifoxonalarni xatlovdan o‘tkazish natijasida30-40 foiz shoshilinch tibbiyot o‘rinlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlangani aytildi.
Davlatimiz rahbari ixtisoslashgan markazlarda davolanishga muhtoj bemorlarni davolash bo‘yicha muammolar to‘planib qolganini ta’kidladi.
Masalan, o‘tgan yil birgina ixtisoslashgan Xirurgiya markaziga murojaat qilgan 900 nafardan ortiq bemorga donorlar yaqin qarindoshi bo‘lmagani uchun operatsiyani o‘tkazish rad etilgan. Oqibatda ko‘pchilik fuqarolar xorijda ushbu operatsiyani o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
– Ilgari ishlagan sog‘liqni saqlash vaziri ixtisoslashgan markazda 5 ming bemor navbatda turishini aytib menga maqtanardi. Aslida bu juda achinarli-ku? Aholi sog‘lig‘ini saqlashga javobgar bo‘lgan muassasa odamlarni ovora qilayotganini qanday tushunsa bo‘ladi? Holbuki, biz tumanlarda ham ixtisoslashgan markazlar filiallarini tashkil etish ustida bosh qotirayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Videoselektorda Oliy Majlis palatalari rahbarlariga inson a’zolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezident poytaxtdagi 524 mahalla shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma tuzishini tashkil etish kerakligini ta’kidladi. Endi tibbiyot brigadalari aholini xatlovdan o‘tkazish jarayonida sohadagi o‘zgarishlarni aholiga yetkazish bilan ham shug‘ullanadi.
O‘zA